Breaking News

Ziyolilar fikricha Obamaning Turkiya safari - ma'qul qadam


Barak Obama Turkiyaga islom dunyosiga darvoza sifatida qaramoqda.

AQSh rahbari bu jamiyatda kuchli nufuzga ega ekanini biladi va u orqali musulmonlar ko'ngliga yo'l topmoqchi.

Bu to'g'ri siyosat, deydi o'zbekistonlik ziyolilar. Ular nazarida Turkiya islom dunyosining yetakchi davlatlaridan biri.

AQSh rahbarining bu mamlakatga tashrifi, arboblar va ayniqsa yoshlar bilan yuzma-yuz muloqoti jamoatchilik orasida ijobiy baholanmoqda.

Islomshunos olim Abdulaziz Mansur fikricha Amerika musulmon jamiyatlar bilan yaqinlashishga urinayotgani ortida o'ziga xos sabablar bor.

"Turkiya bosh vaziri Tayib Erdog'an va Isroil prezidenti Shimon Peres o'rtasidagi achchiq tortishuv tufayli ko'pchilik endi AQSh Turkiya bilan nozikroq, hushyorroq munosabatda bo`ladi degan fikrga borgan. Turkiyaning tarixi bor, u bilan munosabatlar juda muhim. Qaysi davlat rahbari voqealarga qattiqroq pozitsiya bildirsa, dunyoning qudratli davlatlari ham bu fikrni inobatga olib, vaziyatni yumshatish haqida o'ylaydi", - deydi tahlilchi.

Barak Obama AQSh prezidentligiga saylanganidan buyon islom dunyosi bilan yaqinlashish harakatida.

Bu odamlarda umid uyg'otmoqda va hatto havas bilan kuzatilmoqda, deydi Abdulaziz Mansur.

"Hatto Eronda ham Obamani "U bamo" yani forschasiga "u biz bilan" degan ma'noda talqin qilib bayram qilishdi",- deydi olim.

Biroq ma'ruzalar ortidan aniq ishlar amalga oshgandagina haqiqiy muloqot haqida gapirish mumkin bo`ladi.

"AQSh prezidentining islom dunyosiga aytgan iliq gaplari yoqimli. Lekin amaliyotga qarash kerak. Bu Iroqdan qo`shinlarni olib chiqish, Afg'oniston masalasini faqat harbiy yo'l bilan emas, muzokaralar bilan hal qilishga bog`liq. AQShdan umid qilayotgan davlatlarga nisbatan munosabatning o'zgargani amalda ko`rinishi kerak", - deydi Abdulaziz Mansur.

Barak Obamaning Turkiyaga tashrifi paytida norozilik namoyishlari ham kuzatilgan. Ularda omma Iroq va Afg'onistondagi urushlarni qoralagan.

Turkiyalik jurnalist Otif Ala fikricha islom dunyosi bilan muloqotda AQShning Turkiyaga bu qadar katta ahamiyat qaratishi rasmiy Anqaraning geosiyosiy jarayonlarda faol ishtirok etib kelayotganiga ham bog`liq.

"AQSh NATOning sharq tomon kengayishi, Iroq, Afg'oniston va Markaziy Osiyo masalasida ham Turkiya bilan birga harakat qilmoqchi. Turkiyaning strategik rolidan foydalanmoqchi. G'arb va AQSh islomga qarshi degan fikr paydo bo'lgan edi. Amerika bu fikrni Turkiya orqali o'zgartirmoqchi", - deydi Otif Ala.

Turkiya a`zaldan G'arb va Sharq o'rtasidagi siyosiy va madaniy ko'prik, deydi muxbir.

AQSh- Markaziy Osiyo aloqalarida ham Turkiyaning o'rni beqiyos.

Bugun Turkiya mintaqa davlatlari bilan unchalik yaqin munosabatda emas.

"Turkiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati sustlashgani Yevropa Ittifoqiga intilishi, shuningdek Turkiyaning ichki siyosati bilan bog'liq... Lekin O'zbekiston bilan hamkorlikning rivojlanishidan turk tarafi ham, o'zbek tarafi ham birdek manfaatdor", - deydi jurnalist.

XS
SM
MD
LG