Breaking News

AQSh Afg'onistonda jang usullarini o'zgartirish harakatida


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh va NATO operatsiyalarida oddiy odamlar halok bo'layotgani xususida xalqaro koalitsiya qo'mondonlaridan tushuntirish so'ragan.

AQSh armiyasi generali Deyvid Makkirnan so'nggi ikki voqeadan afsusda ekanini aytib, kelajakda ehtiyot bo'lishga va'da bergan. Bu masala Pentagonda ham atroflicha muhokama etilgan.

AQSh Mudofaa vazirligiga ko'ra, harbiylarga oddiy fuqarolar orasida talafotlarga yo'l qo'ymaslik uqtiriladi. Ammo buning uddasidan chiqish doim ham oson emas.

Chunki jangarilar ko'p hollarda oddiy aholi orasida yashirinib yuradi. Ba'zida esa koalitsiya kuchlarini aholiga qarata o't ochishga majburlaydi, deydi rasmiylar.

Bundan tashqari zobitlar kamligi bois ko'p hollarda havo hujumi olib borishga qaror qilinadi. Bu esa beixtiyor oddiy fuqarolar o'limiga olib keladi.

Hafta boshida Kunor viloyatida havo hujumidan olti fuqaro o'lgan.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, qo'shinlar talafotlarning oldini olish va jang usullarini o'zgartirishga harakat qilmoqda.

"Agar afg'on xalqi ishonchini yo'qotsak, urushni boy bergan bo'lamiz", - deydi Geyts.

Mamlakat xavfsizligini mahalliy qo'shinlar qo'liga topshirish maqsadida Qo'shma Shtatlar afg'on armiyasi sonini ikki baravarga oshirib, 120 mingga yetkazishni ko'zlamoqda.

AQSh admirali Mayk Myullenning aytishicha, mamlakat janubida vaziyat notinch.

"Afg'on armiyasi va politsiyasini tayyorgalikdan o'tkazish uchun mutaxassislar kerak",- deydi u.


XS
SM
MD
LG