Breaking News

Tolibon Pokistonning Buner tumanini tark etmoqda


Tolibon Pokistonning Buner tumanini tark etmoqda. Jangarilar hafta boshida Shimoli–g’arbiy mintaqa qoq markazida joylashgan bu tumanni egallab olgan edi.

Hudud Svot vodiysiga qo’shni va poytaxt Islomoboddan bor-yo’g’i 100 kilometr narida. Qo’shma Shtatlar nazarida Pokistonda emin-erkin yurgan Tolibon siyosiy va harbiy jihatdan kuchga to’lib bormoqda.

Pokiston hukumati sal avval toliblar bilan sulh tuzgan. Unga ko’ra, jangarilar xurujni bas qiladi, evaziga Svot vodiysida islomiy tartib-qoida o’rnatiladi.

Hafta boshida esa toliblar vodiyga qo’shni Buner tumanini egallagan. So’nggi xabarlarga ko’ra, jangarilar hududdan chiqa boshlagan.

Armiya generali Ashfaq Kayani harbiylar bilan favqulodda yig’ilish o’tkazgan. Uning aytishicha, Tolibon hukumatga buyruq berib, xalqqa hukmini o’tkaza olmaydi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha, Pokiston xalqi va hukumati Tolibon – xavfli kuch ekanini tushunib yetishi kerak. Rasmiylar buni biladi, biroq qarshi chora ko’rishga shoshilmayapti, deydi Geyts.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton rasmiy Islomobodni zaiflikda, Tolibonga hokimiyatni topshirib qo’yayotganlikda ayblagan. Geyts nazarida AQSh-Pokiston aloqalari xavf ostida.

“Qo’shma Shtatlar yordamdan qochmaydi, biroq Pokiston hukumati o’ylab ish ko’rishi, Tolibon tahdidini tan olishi kerak”, - deydi mudofaa vaziri.

AQSh har yili Pokiston armiyasiga 1 milliard dollar yordam ajratadi.

Geyts fikricha, Pokiston Tolibon o’rnashib olgan shimol va g’arbga ko’proq harbiy jo’natishi kerak. Biroq rasmiy Islomobod asosiy qo’shinni Hindiston bilan chegarada saqlamoqda. Tahlilchilar nazarida Pokiston armiyasi zaif va Tolibon bilan jang qilish salohiyatiga ega emas.

Qo’shma Shtatlar bu yil Afg’onistonga qo’shimcha askar yuboradi. Mudofaa vaziri Robert Geyts xizmatga otlangan zobitlar bilan uchrashgan. Uning aytishicha, Iroqda ish bergan siyosat Afg’onistonda ham qo’l keladi.

Maqsad mahalliy armiya va politsiya malakasini oshirish, toki ular mas’uliyatni bo’yniga olib, Afg’onistonni mudofaa qila olsin, deydi Geyts.

XS
SM
MD
LG