Breaking News

Pokistonning AQShga javobi


Rasmiy hisoblarga qaraganda, Qo’shma Shtatlar o’tgan yili Pokistonga to’rt yarim milliard dollarlik madad bergan, shuning yarmi harbiy maqsadni ko’zlagan
Rasmiy hisoblarga qaraganda, Qo’shma Shtatlar o’tgan yili Pokistonga to’rt yarim milliard dollarlik madad bergan, shuning yarmi harbiy maqsadni ko’zlagan

Pokiston hukumati Amerikaning harbiy yordamni qisqartirish qarorini bosiqlik bilan qarshi olgan. 800 million dollar kamomad jangarilarga qarshi kurashga ta’sir qilmaydi, deydi rasmiylar.

“Amerika Ovozi” bilan suhbat qilgan Pokiston generali Atar Abbos ta’biricha, qabilaviy hududlarda kechayotgan janglarda chet el puli qo’llanmayapti.

Afg’oniston bilan chegarada qo’shinlar faqat mahalliy qurol-aslaha va dori-darmondan foydalanmoqda, deydi u.

AQSh qarorini tanqid qilar ekan, general Abbos nazarida yordam uzata turib, shart qo’yish yaramaydi.

Oq Uy boshqaruvchisi Uilyam Deylining aytishicha, Pokiston terrorizmga qarshi kurashda AQShga muhim hamkor bo’lib kelgan. Lekin yaqinda amerikalik harbiy instruktorlar bu davlatdan chiqarilib, viza masalasida cheklovlar joriy etilgani tashvishga molik. Vashington chora ko’rishga majbur bo’ldi, deydi rasmiy.

Amerikalik olim Marvin Veynbaum nazarida harbiy yordamni qisqartirish qarori Pokistonni gapga ko’ndirishi gumon, aksincha jangarilarga qarshi kurashga pand beradi.

“Pokiston xalqi va armiyasi safida Amerika yordami kerakmas, degan odamlar talaygina”, - deydi tahlilchi.

Rasmiy hisoblarga qaraganda, Qo’shma Shtatlar o’tgan yili Pokistonga to’rt yarim milliard dollarlik madad bergan, shuning yarmi harbiy maqsadni ko’zlagan.

Yil boshidayoq Amerika maxsus kuchlari Pokiston shimolida operatsiya o’tkazib, “al-Qoida” yetakchisi Osama bin Ladenni yo’q qilgach, aloqalar sovuqlashgan edi.

O’tgan hafta esa Qo’shma Shtatlar admirali Mayk Mullen pokistonlik jurnalist Salim Shahzodning o’limida hukumatning qo’li bor, deya rasmiy Islomobodni g’azabga keltirdi.

Pokiston hukumati, shuningdek, “al-Qoida” yangi rahbari Ayman al-Zavohiriy qayerda ekani borasida AQShni savolga tutmoqda. Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta o’tgan shanba Kobulga safari chog’ida Zavohiriy Pokiston-Afg’oniston shimolida yashiringanini aytib o’tgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG