Breaking News

O'zbekistonda cho'chqa grippiga qarshi ehtiyot choralari


O'zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko`ra, mamlakatda cho`chqa grippi qayd etilmagan. Kasallikning oldini olish uchun maxsus chora-tadbirlar ko’rilmoqda.

Chegara, aeroport va temir yo`l vokzallarida sanitariya-epidemiya nazorati kuchaytirilgan.

O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Boqijon Matkarimov so’zlariga ko’ra, respublika epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi cho’chqa grippining oldini olish tadbirlari yuzasidan yig’ilish o`tkazgan.

“Yig’ilishda tegishli vazirliklarga nimalar qilish kerakligi belgilab berildi. Respublika miqyosida doimiy ishlaydigan shtab tashkil etildi. Shtab monitoring olib boradi, vaziyat bo’yicha har kuni ikki marta Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Bundan tashqari, Toshkent xalqaro aeroportiga sanitariya nazoratini kuchaytirish uchun qo’shimcha tibbiy xodimlar biriktirildi. Ular xorijdan kelayotgan fuqarolar haroratini o’lchamoqda. Davlat chegarasida sanitariya nazorati ham kuchaytirilgan. Shifoxonalarda gripp yuqtirganlikda gumon qilingan kishilar uchun 20 tadan o’rinlar ajratildi. Hozircha O’zbekistonda bu gripp turi qayd etilmagan”, - deydi Boqijon Matkarimov.

Uning aytishicha, cho’chqa grippi asoratlari oddiysidan kam farq qiladi, faqat bu kasalikka qarshi vaksina yaratilmagan, cho’chqa grippi bilan og’rishda o’lim holati nisbatan ko’proq qayd etilgan.

“Qo`shni davlatlardagi vaziyat ham doimiy tahlil qilib borilmoqda. Kasallik kirib kelmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga qolayapmiz. Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko`ra, bu Gripp-A, H1-N1 deb nomlanayapti. Bunda ham tana harorati ko`tarilishi, aksa urish, tomoq og`rishi kabi belgilar bilan kuzatiladi, faqat asorati og’irroq”, - deydi Matkarimov.

Hozircha MDH miqyosida cho`chqa grippi aniqlangani haqida ma`lumot yo`q.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti yaqinda epidemiyaning tahdid darajasini yana bir pog`onaga ko`targan. Tashkilot dunyo davlatlarini ehtiyot choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda.
Cho`chqa grippi cho`chqa go`shtidan yuqishi mumkinligi haqidagi taxminlar muhokamada. Ayrim davlatlarda cho`chqa go`shti sotuvdan olinmoqda.

Mintaqa davlatlaridan Tojikiston birinchilardan bo`lib cho`chqa go`shti importini taqiqladi. O`zbekiston mahsulot hamon sotuvda.

Boqijon Matkarimov fikricha, gripp go`shtdan yuqishi haqidagi talqinlar asossiz.

“Gripp go`shtdan yuqishi qiyin, virus yuqishi uchun tirik to`qima bo`lishi kerak. Har bir davlat bu borada o`zi mustaqil ravishda qaror qabul qiladi”, - deydi u.

Respublika epidemiyaga qarshi kurash komissiyasiga ko`ra, sog`liqni saqlash tizimi epidemiyaga qarshi turishga tayyor, kasallikda gumon qilingan kishilarni izolyatsiya qilish uchun maxsus o’rinlar ajratib qo`yilgan.

XS
SM
MD
LG