Breaking News

O'zbekistonda advokatlar "sinovlardan" shikoyat qilmoqda


Komissiya bilim va malakaga ham e'tibor bermoqda.

Biroq siyosiy va diniy mahbuslarni himoya qilgan mustaqil advokatlardan qutulish harakati ham ko'zga tashlanmoqda.

Sinovdan o'ta olmaganlardan biri, Rustam To’laganov mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovni himoya qilgan.

Imtihondan yiqilgan yana bir advokat Ruhiddin Komilov esa ayni paytda sudi kutilayotgan mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyidning oqlovchisi.

To’laganov so’zlariga ko'ra, attestatsiya sud yoki tergovga bo’ysunmagan advokatlardan qutulish maqsadida rejalangan.

“O'tkazishmadi, eng zo'rlarini o'tkazishmayapti. Buxorodan ham besh kishini o'tkazishmagan. Shogirdlarimning aytishiga qaraganda, mening familayam qarshisiga nuqta qo'yilgan. Belgilanganlar o’tmadi. Agar men savodsiz bo’lsam, butun respublikadan qidirib kelishmas edi-ku”, - deydi Rustam To’laganov.

Ruhiddin Komilovning aytishicha, komissiya hay’atida litsenziya bermaslik tavsiya etilgan advokatlar ro’yxati borligiga shubha qilmasa bo`ladi.

"O'tganlar asosan avval organlarda ishlagan xodimlar, haqiqiy advokatlik bilan shug’ullanganlar juda kam. 18 yildan buyon advokatlik bilan shug’ullanaman. Yuridik sohada istalgan odam bilan munozaraga kirishishim mumkin. Advokatlar ro'yxatini Palata a`zolari bilan birga tekshirishayapti. Qisqasi, mustaqilligimiz yo'q bo'ldi”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Sinovdan o’tgan advokatlar siyosiy mahbuslar yoki diniy ayblov bilan qamalganlarni himoya qilmagan deyish ham noto'g'ri. Advokatlardan birining aytishicha, komissiya malaka va bilimga e'tibor qaratmoqda.

“To'g'ri, bunday ishlarda qatnashganlar bor, lekin ular menchalik tergovchini qiynashmagan. Biz aybi yo`qligini hamma yoqqa yozardik, aytardik. Aslida sudlar ishini bilmaydi, ularni imtihondan o'tkazish kerak, advokatlarni emas”, - deydi Rustam To`laganov.

Advokatlarni attestatsiyadan o'tkazish iyul oyigacha yakunlanishi kerak.

“Eshitishimcha, ko'p viloyatlarda 50 foizga yaqin advokat imtihondan o'tolmagan. Bunga sabab, advokatlarning bilim saviyasi pastligimi yoki ularga berilayotgan vakolat. Kengaytirilganiga yarasha talabning ham kuchaytirilayotganimi, bilmadim. Lekin ko`zga ko`ringan advokatlar ham imtihondan o`ta olmadi. Nima sababdan o`ta olishmagani haqida ham bir narsa deyish qiyin”, - deydi viloyatlik advokatlardan biri.

O`zbekistonda advokatlar avval yagona uyushmaga birlashgan edi. Keyinchalik uyushma tarqatilib, hukumat qaroriga ko`ra, Advokatlar Palatasi tashkil etildi.

Palata rahbari Adliya vazirligi tavsiyasiga ko`ra tayinlanadi. A`zolik esa majburiy qilib belgilandi.
Bu qaror avval uyushmaga birikkan ko`p advokatlarning noroziligiga uchradi. Palataning advokatlarni himoya qilish harakati sezilmayotgani ta`kidlanadi.

"Palatada hech qanday pozitsiya yo'q. Uni tashkil qilishdan maqsad - advokatlarni himoya qilish, ularning nufuzini oshirish edi. Lekin Palataning o'zi farmonga amal qilmayapti, qanday qilib u advokatlarni himoya qila oladi?”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Hukumat qaroriga ko'ra, Adliya vazirligi va Advokatlar Palatasi vakillaridan tashkil topgan komissiya sinovidan o'tmaganlar advokatlik bilan shug’ullanish huquqidan mahrum qilinadi.

Mulohazlarga ko'ra, shundoq ham huquq va vakolatlari cheklangan advokatlar sinovdan keyin yanada ehtiyot bo’lib xizmat ko'rsatishga majbur bo'ladi.


XS
SM
MD
LG