Breaking News

General Petreus Afg'onistondagi vaziyatni baholamoqda


AQShning Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodagi qo'shinlari qo'mondoni general Deyvid Petreusning aytishicha, o'tgan hafta Afg'onistonda 2001 yildan beri eng qonlisi bo'lgan.

Qo'shimcha kuchlar yuborishi xavfsizlikni kuchaytiradi, ammo noharbiy sohalarda ham ahvolni yaxshilash kerak, deydi Petreyus.

AQSh generaliga ko'ra, so'nggi bir necha oy ichida Iroqda zo'ravonlik pasaygan, biroq Afg'onistonda buning aksi kuzatilmoqda.

"Ba'zi hududlarda vaziyat keskin yomonlashgan, ayniqsa sharqiy va janubiy viloyatlarda pashtu jangarilar faollashgan. Bunga chek qo'yish kerak," deydi general Petreus.

Uning aytishicha, kelasi ikki oy ichida mamlakatga qo'shimcha askarlar kelishi bilan xavfsizlikni ta'minlash osonlashadi, biroq shu bilan birga xalqaro hamjamiyat taraqqiyot dasturlariga zo'r berishi lozim.

"Xavfsizlik ta'minlangan hududlarda boshqaruvni kuchaytirish juda muhim. Aholi ehtiyojlarini qondirishga qodir, korrupsiyadan xoli, iqtisodiy imkoniyatlar, sog'liqni saqlash xizmati va ta'limni yo'lga qo'ya oladigan ma'muriyat bo'lishi kerak," deydi Deyvid Petreus.

Uning aytishicha, Pokiston jangarilarga qarshi qanday kurashish kerakligini to'g'ri anglab yetmoqda.

Qo'shma Shtatlar, deydi general, Pokistonni harbiy vertolyotlar bilan ta'minlagan.

Afg'onistonga shuningdek yangi qo'mondon yo'l olgan. Senat general Stenli Makkristal nomzodini ma'qullagan.

XS
SM
MD
LG