Breaking News

AQShning afg'on strategiyasida Pokiston markaziy o'rinda


Afg’oniston istilo qilinganiga 8 yil to’lar ekan, AQSh prezidenti Barak Obama siyosiy va harbiy maslahatchilari bilan yopiq eshiklar ortida qator uchrashuvlar o’tkazmoqda.

Harbiylar fikricha, Tolibon va Al-Qoidani jilovlash uchun hozirgi strategiya tubdan o’zgarishi, yana 30-40 ming askar kerak. Ammo amerikaliklar orasida urushga nisbatan norozilik oshar ekan, Obama boshqa takliflarni ham ko’rib chiqishga tayyor.

Obama prezidentlikka kelishi bilan mintaqaviy yondashuvga e’tiborni oshirgan. Qo’shni Pokistondagi ahvolni hisobga olmay turib g’alaba qilib bo’lmaydi, degan edi.

“So’nggi 8 yil mobaynida”, deydi Obama, “al-Qoida va unga aloqador guruhlar Pokistonning eng olis, tog’li hududlarida o’rnashib olishga ulgurdi”. Al-Qoida yetakchilari ham o’sha yerda yashiringani taxmin qilinadi.

Pokiston shu bois Afg’oniston bo’yicha har qanday strategiyaning ajralmas qismi. Jangari harakatining ildizi o’sha yerda, deydi AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Leon Panetta.

“Tolibon Pokistondagi tarafdorlaridan, jumladan al-Qoidadan ruhiy quvvat, moddiy yordam oladi”.

Oq uyda prezident Obama maslahatchilarini to’plab, rasmiy Islomobodni samimiy hamkorlikka qanday ko’ndirish yuzasidan kengashgan. Oq uy Pokiston yordamidan mamnun ekanini aytib keladi, biroq norasmiy manbalar shuning aksini tasdiqlaydi.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbs maxfiy razvedka ma’lumotlariga ishora qilib, uchrashuvlar tafsilotiga to’xtalmadi. “AQSh-Pokiston harbiy hamkorligi tahlil ostida”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG