Breaking News

Uyg'urlar Guantanamodan Bermudaga ko'chirilganidan mamnun


Guantanamo qamoqxonasidagi xitoylik uyg'ur mahbuslar taqdiri asta-sekin hal etilar ekan, ularning bir qismini Tinch okeanida joylashgan Palau oroli qabul qilishga rozilik bergan. Yana to'rt nafari esa Atlantika okeanidagi Bermuda orollariga ko'chirildi. Deyarli 8 yil nohaq va aybsiz qamoqxonada o'tkazgan uyg'urlar yana normal hayotga qaytmoqda.

"Vashington Post" gazetasining xabar berishicha, Bermudaga ko'chirilgan uyg'urlar ozodlikka chiqqanidan mamnun. 30 yoshli Abdulla Abdulqodirning aytishicha, "aybsiz bo'lishimizga qaramay, hech bir davlat bizni qabul qilishga jur'at eta olmadi. Bermuda esa qo'rqmasdan bizni o'z bag'riga oldi. Biz bu yerdan hech qayoqqa ketmaymiz," deydi Abdulla.

Ulardan yana birining "Nyu-York Tayms" gazetasiga aytishicha, uyg'urlarni orolda yaxshi kutib olishdi. "Birinchi navbatda okeanga tushib cho'mildik. Bu hayotimdagi eng baxtli kun bo'ldi," deydi 32 yoshli Salohiddin Abdulahat.

AQShga qarashli qamoqxonada deyarli 8 yil sababsiz bo'lishganiga qaramay, to'rt sobiq mahbus Amerikaga nisbatan nafrat yoki adovati yo'qligini aytadi.

"Biz hech qachon Amerikaga qarshi bo'lmaganmiz. O'zimizga nisbatan bo'lgan muomaladan norozi bo'lsakda, oxir-oqibatda Bermuda kabi go'zal orolga tushganimizdan xursandmiz, " deydi Salohiddin.

Bermuda Britaniya koloniyasi bo'lib, uning tashqi siyosati Londondan yuritiladi. Ammo uyg'urlarni Bermudaga ko'chirish qaroridan Britaniya bexabar qolgan va bu rasmiy London noroziligiga sabab bo'lgan, deb yozadi "Nyu-York Tayms".

Unga ko'ra, Bermudada "AQSh qabul qilmagan sobiq mahbuslarga nega biz ish va fuqarolik berishimiz kerak" deb norozilik bildirgan ozchilik ham bo'ldi. Ammo ko'pchilik asosan ularning qamoqxonadan eson-omon chiqqanidan xursandchiligi va mehmondo'stligini ko'rsatish uchun uyg'urlar turgan uyga kelib, suhbatlashishga oshiqmoqda, deb yozadi gazeta.

Ularga ish, bir yil ichida fuqarolik va'da qilingan. AQSh va Bermuda o'rtasidagi shartnomaga ko'ra, uyg'urlarga sayohat qilish uchun hujjatlar berilsa ham hozircha AQShga borisha olmaydi.

"Uyg'urlar jannatmakonga tushdi" deb yozadi "Durango Gerald Nyus" gazetasi. Unga ko'ra, Guantanamoda jami 22 uyg'ur mahbus bo'lgan. Ular Afg'oniston va Pokistonda qo'lga olingan. Ba'zilarining aytishicha, ular Xitoyga qarshi kurashmoqchi bo'lgan, amerikaliklarga qarata o'q uzmagan. 2006 yili besh nafari Guantanamodan chiqarilib, Albaniyaga yuborilgan. 13 kishi Palauga borishi kutilmoqda. Qo'shma Shtatlar orolga 200 million dollarlik yordam va'da qilgan.

Xitoy ularni terrorchi deb atab davlatlardan uyg'urlarni qabul qilmaslikni talab qilib ham siyosiy, ham iqtisodiy bosim qo'ymoqda.

XS
SM
MD
LG