Breaking News

AQSh qonunchilari Afg'onistondan chiqish rejasini bilmoqchi


AQSh Kongressida Afg'onistondagi urush muhokamada. Ba'zilar fikricha, uning keti ko'rinmaydi va Qo'shma Shtatlarga qimmatga tushadi. Qonunchilar prezident Obamadan aniq rejalar kutmoqda.

Iroq va Afg'onistonda urush ketayotgan bir paytda Qo'shma Shtatlar terrorga qarshi harakatlarni kuchaytirish maqsadida Pokistonga ham moddiy yordam bermoqda. Mojarolar yana qancha davom etadi, oxir-oqibatda AQSh xazinasiga qanchaga tushadi, degan savollar har ikki partiya vakillarini qiziqtirmoqda.

Demokrat kongressmen Jim Makgovernning aytishicha, amerikaliklar urush yakuni bilan bog'liq rejadan xabardor bo'lishga xaqli.

"Har bir harbiy yurishning boshi, o'rtasi, o'tish davri va oxiri bo'ladi. Men ana shu narsani nutqlarda, hujjatlarda ko'rishni istayman. Qo'shinlarni zudlik bilan Afg'onistonda olib chiqing yoki rejani cheklang deganim yo'q. Agar mojaroga harbiy yechim bo'lmasa, ularni yana qancha ushlab turishimizni bilishimiz kerak," deydi qonunqchi.

AQShning Afg'onistondagi harbiy harakatlarini Vyetnamdagi urushga taqqoslar ekan, respublikachi kongressmen Uolter Jouns fikricha, Qo'shma Shtatlar uzoq yillik mojaroga botib ketmasligi kerak.

"Urushga sakkiz yil bo'ldi. Yana qo'shimcha pul ajratyapmiz. 3-4 yildan keyin ham mojaro hal bo'lmasa nima qilamiz? Bu qancha davom etadi? 12, 14, 16 yilmi? Sovetlar Afg'onistonda 10 yil qolib ketdi, milliardlab dollar zarar ko'rdi, minglab askarlarini yo'qotdi. Iskandar Zulqarnaynchi? Britanlarchi? Afg'onistonda hali hech kim g'alaba qilmagan," deydi Jouns.

Ba'zi qonunchilar urushga ko'proq pul ajratishdan oldin Obama ma'muriyati undan chiqish rejasini taqdim etsin deydi, biroq boshqa qonunchilar, xususan respublikachilar fikricha bu AQShga umid bilan qarayotgan afg'onlar ruhini tushirib yuborishi mumkin.

NATO kuchlarining Afg'oniston janubidagi qo'mondoni general-mayor Mart de Kruifning aytishicha, harbiy operatsiyalar yangi bosqichga chiqqan va asosan xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyotni ko'zlaydi.

XS
SM
MD
LG