Breaking News

Tojikiston qo'shni davlat hamon notinch ekanidan xavotirda


Tojikiston qo’shni Afg’onistonda vaziyat hamon nozik ekanidan xavotirda va prezident saylovlari natijasini intizorlik bilan kutmoqda.

Rasmiylar ham, ziyolilar ham Markaziy Osiyo barqarorligi Afg’onistonda tartib-intizom ta’minlanishiga bog’liq deb chiqmoqda.

Afg’oniston sharoiti bilan yaxshi tanish tojik sharqshunosi Ziyodullo fikricha, u yerda xalqaro jamoatchilik va G’arb mamlakatlari ko’rsatayotgan ijobiy ta’sir o’z kuchini ko’rsatmoqda. “O’tgan demokratik saylov buning yaqqol isboti”, - deydi u.

Afg’onistonda xizmat safarida bo’lgan Abdullo Rajabov bu mamlakatni federasiya sifatida ko’rish va shu strategiya asosida ish yuritishni taklif qiladi. Uning fikricha, Afg’oniston muzofotlarini bo’lgan holda iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishning yomon jihati yo’q.

“Bu strategiya chegaradosh Tojikiston, O’zbekiston va Turkmanistonni qamrab olishi zarur bo’ladi. Afg’oniston shimoldagi qo’shnilarsiz rivojlana olmaydi”, - deydi Rajabov.

Tojikiston prezidenti ko’plab chiqishlarida Afg’oniston masalasini respublika tashqi siyosatining muhim qismi sifatida ko’rsatib keladi. Ayniqsa mutaxassislarni tayyorlash masalasida qo’shni mamlakatga katta e’tibor qaratish lozim deb hisoblaydi.

“Tojikiston jumhuriyati mutaxassislari kelajakda muhtoj sohalarda, birodar Afg’oniston energetikasini rivojlantirishda obu-havodek zarur bo’ladi. Bizlar albatta ko’mak ko’rsatishimiz zarur”, - deydi Emomali Rahmon.

Abdullo Rajabov Afg’onistonda G’arb sarmoyasining bir qismini harbiylarga emas, federasiya sifatida qurilgan regionlarga sarflashni afzal ko’radi. Unga ko’ra, Afg’onistonda qariyb 10 yildan beri o’tkazilayotgan harbiy harakatlarga sarflangan mablag’ning bir qismini mamlakatning nisbatan tinch shimoliy hududlarini rivojlantirishga yo’naltirish samarali bo’lar edi.

Tojikistonlik boshqa bir ziyoli Mahmud Qodirov fikricha, ekstremizm va terrorizm, narkotik moddalar tayyorlash davom etar ekan, Afg’onistonni rivojlantirishda dunyo davlatlari birgalikda harakat qilishlari kerak.

“Ekstremist va terroristlar o’sha yerda tayorlanmoqda. Narkotiklar o’sha erda. Bu narsalar avlod kelajagini yo’q qiladi. Afg’onistonni o’rtaga olib, uning ahvolini yaxshilash kerak”, - deydi Qodirov.

Boshqa tahlilchilar bu masalada Rossiya faktori borligini eslatar ekan, energetika, tog’-kon va qishloq xo’jaligida Afg’oniston bilan hamkorlikni rivojlantirish mintaqani ruslar ta’siridan xalos bo’lishiga olib kelishini urg’ulaydi. Abdullo Rajabov deydiki, “Afg’onistondagi tinchlik va iqtisodiyotning ko’tarilishi bilan Tojikiston albatta uning doirasida qoladi”.

“Afg’oniston bilan hamkorlikda Dashtijum GESining qurilishi, tog’-kon sanoati va qishloq xo’jaligi, o’zaro bozorni rivojlantirish, yangi yerlarni o’zlashtirish yuz minglab ish joylarini beradi. Tojikistondan Afg’onistonga ko’prik, yo’llarning qurilganligi, temir yo’llari qurilishi borayotganligi o’zaro aloqani kuchaytiradi va biz Rossiyaning doimiy ta’siridan qutulamiz. Yevropa davlatlari ham, Amerika ham mana shuni tushunishi kerak”, - deydi Rajabov.

Sharqshunos Ziyodulloga ko’ra, G’arb mamlakatlari Afg’onistonda sobiq SSSR o’tkazgan xatolarni takrorlamasligi va Pokistondagi qabilalar hukmronligiga jiddiy e’tibor qaratishlari zarur.

Uning aytishicha, Afg’oniston muammosini Pokistondagi sharoitni o’nglamasdan turib hal etish og’ir masaladir.

XS
SM
MD
LG