Breaking News

"Birdamlik" a'zolari Vashingtonda namoyish qilmoqda


To’rt kundirki, muxolifatdagi “Birdamlik” harakati a’zolari va boshqa faollar, 15-18 kishi “Ozodlik” radiosining Vashingtondagi idorasi qarshisida ochlik e’lon qilgan.

Ular “Ozodlik” O’zbek xizmatini muxolif partiyalarni teng ko’rmayotganlikda, “Erk” partiyasiga efirdan ko’proq joy berib, boshqa siyosiy guruhlar xalqqa o’z g’oyalarini tushuntirishi uchun imkon bermayotganlikda ayblamoqda.

O’zbekistonga har kuni to’rt soat davomida axborot uzatuvchi “Ozodlik” radiosi uning jurnalistlari kasbiga sodiq, xolis ma’lumot beruvchi mutaxassislar ekanini bildirib, namoyishchilarining da’volarini rad etmoqda.

“Ozodlik”ning Vashingtondagi binosi oldidan o’tsangiz, quyidagi manzaraga ko’zingiz tushadi: bir xil kiyingan 15 dan ortiq kishi O’zbekiston bayrog’i va plakatlar ko’tarib olgan.

"Birdamlik": muxolifatga efirdan teng vaqt berilsin

“Ozodlikning O’zbek xizmati demokratiya dushmani”, “Ozodlikka ozodlik kerak”, “Demokratlar nega tsenzura ostida”, “Biz Amerikaga to’layotgan soliqlar dushmanimizga xizmat qilyapti” degan yozuvlar kishi e’tiborini tortadi.

“Namoyish uzluksiz, “Ozodlik” talablarimizni bajarmaguncha davom etadi”, - deydi “Birdamlik” harakati rahbari Bahodir Choriyev.

“Ozodlik” radiosidan asosiy talabimiz - muxolifatga nisbatan tsenzurani tugatsin. “Ozodlik”ning O’zbekistondagi siyosiy-iqtisodiy vaziyatni yorituvchi dasturlaridan hech qanday noroziligizimiz yo’q”, - deydi Choriyev.

Lekin muxolifat haqida gap ketganda:

“Ozodlik bir yoqlama ish ko’ryapti, ya’ni faqat “Erk” partiyasining Muhammad Solih fraksiyasi haqida gap ketadi. Nima uchun “Birlik” partiyasining rahbariyati Abdurahim Po’lat haqida oxirgi paytlarda umuman eshittirish bermaydi. Nima uchun “Demokratik Kongress” raisi Jahongir Muhammad haqida “Ozodlik” jim? Nima uchun “Birdamlik” harakati faoli gapirsa, uni inson huquqlari yoki boshqa bir tashkilot, yoki muxolifatchi qilib ko’rsatishga harakat qilinadi?” – deb so’raydi Choriyev.

“Ozodlik” radiosining Vashingtondagi vakillaridan Martins Zvaners namoyishchilar bilan chiqib gaplashgan.

"Ozodlik": Dasturlar jurnalistik nizom va talablar asosida tayyorlanadi

“Ozodlik rahbariyati ushbu da’vo-shikoyatlardan xabardor. Biz ularga hech narsa va’da qilmaganmiz”, - deydi Zvaners.

“Xat ham yozganmiz, boshqa tadbirlar ko’rganmiz. Va’dadan boshqa hech narsa olmaganmiz. Yo radio muxolifatga nisbatan tsenzurani tugatadi, yo biz oxirigacha boramiz, kuchimiz yetgancha,” – deydi Choriyev.

“O’zbek muxolifati tomonidan “Ozodlik”ka tanqidlar birinchi marta yog’ilayotgani yo’q. Tanqid aniq va asosli bo’lsa, juda jiddiy yondashamiz” - deydi Martin Zvaners. “E’tirozlarni inobatga olib, tekshiruv ham o’tkazganmiz. Xulosa shuki, O’zbek xizmati xolis ish yuritadi”.

“Amerika Ovozi”, “Ozodlik” va “Bi-Bi-Si” O’zbekistonga har kuni radio eshittirishlar uzatadi. “Amerika Ovozi” haftalik teledasturlar ham beradi. Yuqorida tilga olingan manbalar internetda o’z sahifalariga ega. Ular o’zini ob’yektiv va professional tashkilotlar deb biladi va maqsad o’zbek tilida gaplashuvchi aholiga muhim axborot yetkazish, xalqaro maydonda ro’y berayotgan voqealarni yoritish, O’zbekistonda chetda qolayotgan muammolarni ko’tarib chiqish. Bu manbalar, xususan “Ozodlik” o’zini muxolifat minbari deb bilmaydi.

“Men ularni gapiga qo’shilmayman. Shu narsani tushunyapmanki, “Ozodlik” O’zbekistonda diktatura hukmron bo’lishiga, xalqning qiynalishiga, umuman O’zbekiston xalqi och-yalang’och bo’lishiga juda katta e’tibor beryapti, chunki ularning biznesi shu. Shunaqa bo’lib tursa, “Ozodlik” radiosiga e’tibor bo’lib turadi, Kongress tomonidan ularga millionlab dollar pul beriladi,” – deydi Choriyev.

“Ozodlik”ning yillik byudjetini bilasizmi degan savolga Choriyev “yo’q” deb javob qiladi. U qancha bo’lishidan qat’iy nazar, deydi namoyishchi, demokratiya va erkinlikni targ’ib qilishni maqsad qilgan radio muxolif guruhlarni diskriminatsiya qilmasligi kerak. “Ozodlik” esa uning dasturlari va xodimlari professional darajada ekanini qayd etmoqda.

“Efirga nima berish yoki bermaslikni O’zbek xizmatimizdagi jurnalistlar hal etadi. Bu ularning ishi. Dasturlar jurnalistik nizom va talablar asosida tayyorlanadi”,- deydi “Ozodlik” radiosining Vashingtondagi idorasi vakili Martins Zvaners.

“Ozodlik” radiosi “Amerika Ovozi” singari AQSh Kongressi tomonidan moliyalanadi. Har ikki radio AQSh Teleradio Kengashi boshqaruvi ostida.

XS
SM
MD
LG