Breaking News

"Birdamlik" rahbari uyida, nazoratda saqlanmoqda


Besh yillik siyosiy muhojirlikdan vatanga qaytgan “Birdamlik” harakati raisi Bahodir Choriyev huquq-tartibot organlarida o`tgan surishtiruvdan so`ng, tilxat asosida qo`yib yuborilgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Bahodir Choriyev chiqish vizasini soxtalashtirishda ayblanmoqda.

Ayni paytda muxolifatchi Qashqadaryodagi uyida, nazorat ostida qolmoqda. Choriyev tarqatgan bayonotga ko`ra, O`zbekistonga qaytishdan maqsadi siyosiy faoliyatini davom ettirish.

“Qashqadaryodan chiqmaslik haqida tilxat olib, qo`yib yuborishgan. Hozir uyida nazorat ostida saqlashyapti. Aeroportdan ham bir qadam chiqarishgani yo`q, faqat militsiyaga olib chiqishganda ko`rdik. Panjara ortidan salomlashishdan ortiq boshqa hech narsani gaplasha olmadik”, - deydi “Birdamlik” harakatining O`zbekistondagi rahbari Dilorom Ishoqova.

Bahodir Choriyev O`zbekistonga siyosiy bayonot bilan qaytdi. Unda vatanga qaytishdan maqsadi safdoshlari qatorida turib, siyosiy faoliyatini davom ettirish ekani ta`kidlanadi.

“Birdamlik” yetakchisining o`zi bilan ayni paytda aloqa qilish imkoniyati yo`q. Dilorom Ishoqovaning aytishicha, Bahodir Choriyev uyida, faqat nazoratda saqlanmoqda.

O`zbek muxolifati yetakchilarining muhojirlikdan siyosiy bayonot bilan qaytishi kam kuzatiladigan holat. Siyosiy muxolifat vakilining vatanga qaytishi yuzasidan turli mulohazalar bildirilmoqda.
Mahalliy faollardan biri Abdurahmon Tashanov fikricha, G`arb davlatlari bilan O`zbekiston munosabati tiklanar ekan, bu jarayon muxolifatda umid uyg’otgan bo`lishi mumkin.

“Hozir O`zbekiston G`arb bilan yaqinlashayapti, bu albatta muxolifatda umid uyg`otadi. Shuning uchun qaytgan bo`lishi mumkin. Masalan, Andijon voqealaridan bir-ikki yil o`tib ham hech kim kelishga jur’at qilolmasdi. Shuning uchun qaysidir ma’noda pozitsiyadagi iliqlik deyish mumkin, lekin umumiy vaziyatda o`zgarish kuzatilmaydi. Turg`unlik uzoq davom etyapti, G`arb bilan faollashayotgan aloqalar bu tuzumning umri uzoqligini ko`rsatdi. O`zbekiston izolyatsiyaga tushganda, bundan chiqolmaydi, Karimov qulaydi, mamlakatda katta siyosiy o`zgarishlar bo`ladi degan umidlar yo`qqa chiqdi, va shu tuzumni uzoq davom etishi aniq bo`lib qoldi”, - deydi Tashanov.

Dilorom Ishoqovaning ta’kidlashicha, Bahodir Choriyevning qaytishi hukumatni muxolifatga nisbatan pozitsiyasida iliqlik boshlanganidan darak bermaydi.

“Bu hech narsani yumshaganidan darak bermaydi, arqonni uzun tashlab qo`yishibdi. Chunki bu ish hozir hammani diqqat markazida, Bahodir haqida kim nima o`ylasa o`ylasin deb. Bahodirga tegmagani muxolifatni boshqa a`zolariga ham signal bo`lishi mumkinmi degan gap ham bo`ladi. Bu gap ham kulgili. Aniq bilamiz, Muhammad Solih hozir kelsa, hozir qamashadi. Ular turishibdi, nazarimda biz ham arqonni yanada uzoqroq tashlab kutishimiz kerak”, - deydi Ishoqova.

“Birdamlik” harakati yetakchisi Bahodir Choriyev unga nisbatan amalga oshgan bir necha tazyiqlardan so`ng O`zbekistondan chiqib ketishga majbur bo`lgan edi.

XS
SM
MD
LG