Breaking News

Obama va Muborak Yaqin Sharq tinchligi bo'yicha hamfikr


AQSh prezidenti Barak Obama Oq Uyda Misr rahbari Husni Muborakni qabul qildi. Bu Muborakning 5 yildan ortiq vaqt ichida Vashingtonga qilgan ilk tashrifidir.

Isroil hukumatining G'arbiy Sohilda yangi yahudiy posyolkalarini qurishga ruxsat berishni to'xtatgani haqidagi xabarlar Obama va Muborak tomonidan tinchlikni o'rnatishga qaratilgan muhim qadam deb qarshilandi.

"Vaziyatdan ko'nglim to'q. Tomonlar to'g'ri yo'nalishda harakatlanmoqda," deydi Obama.

Uning aytishicha, agar barcha tomonlar murosaga tayyor bo'lsa, haqiqiy tinchlikka erishish mumkin. Shu yo'sinda Obama arab davlatlarini Isroilga nisbatan yumshoqroq siyosat olib borishga da'vat etdi.

"Rahbariyat mardlik ko'rsatsagina biron-bir natijaga erishish mumkin. Nafaqat Falastin va Isroil rahbariyati, balki arab davlatlari ham," deydi AQSh prezidenti.

Misr rahbariga ko'ra, buning uchun avval Isroil va Falastin muzokaralarni boshlashi lozim.

"Ular bir davraga to'planib, muloqotni boshlasagina umid paydo bo'ladi," deydi Husni Muborak.

Prezident Obama Isroildan Sharqiy Quddusning arablar yashovchi hududlarida va G'arbiy Sohilda yahudiy posyolkalari qurilishlarini butunlay to'xtatishni talab qilmoqda. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bunga hozircha ko'nmayapti.

Obamaga ko'ra, AQSh va Misr Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo'yicha umumiy fikrga ega bo'lsa, boshqa masalalarda, xususan inson huquqlari bo'yicha qarashlar turlicha.

Misrda muxolifatchilar va huquq faollariga nisbatan tajovuzlar Husni Muborak tanqidchilari noroziligiga sabab bo'lmoqda. Ular Misr hukumatidan kelasi yili parlament saylovlari va 2011 yilda prezident saylovlari oldidan favqulodda holat qonunini bekor qilishni talab qilmoqda.

Misr rahbarining aytishicha, u mamlakatda siyosiy islohotlarni boshlagan va kelasi ikki yil ichida ularni jadallashtiradi.

XS
SM
MD
LG