Breaking News

Arab jamiyatlarida demokratiya nimani anglatadi?


Arab dunyosidagi o’zgarishlarni kuzatayotgan ziyolilar fikricha bu jamiyatlar plyuralizm va demokratiya bobida oldinga siljimayapti. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi biror davlatni bugun erkin deb bo’lmaydi.

Rahbarlar va ularning temir panjasi ostidagi tuzumlar islohotga tayyor emas. Mana shunday xulosani o’z ichiga olgan yangi asar “Plyuralizm Sari: Arab dunyosidagi siyosat” deya nomlanadi.

Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi Jamg’armasi chop etgan kitob mualliflari fikricha, arab dunyosida o’zgarish so’zi begona.

Avtokratik tuzumlar hukmron mintaqada hech kim xalq fikri bilan qiziqmaydi, hokimiyatni bo’lishishni istamaydi. Arzimagan o’zgarishlar demokratik islohot o’rnida ko’riladi.

Marina Ottovey, izlanish mualliflaridan biri, deydiki:

“Hukumatlar islohot deganda ular to’la nazorat qila oladigan bir jarayonni nazarda tutadi. Arab davlatlari haqiqatan ham boshqaruvni, ma’muriy tizimlarini, iqtisodiyotini yangilashi kerak. Bunga jiddiy yondashilsa, salmoqli natijaga erishsa bo’ladi. Lekin bu demokratiya degani emas”.


Arab dunyosida, deydi Marina Ottovey, na liberal, na islomiy partiyalar omma ishonchini qozonib, hukmron tuzumlarga muqobil kuch sifatida sahnaga chiqa olayapti.

Uzoq yillik rahbarlar politsiya va armiya bilan apoq-chapoq, ularni istagan payt ishga sola oladi. Ular ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat va jamiyatning boy qatlamlari bilan o’zaro manfaatli aloqa o’rnatib, iloji boricha uzoqroq qolishga harakat qiladi. Bu esa o’zgarishga yo’l bermaydi.

“O’zgarish faqat ichkaridan bo’lishi mumkin. Bu jamiyatlarning o’zidan sado chiqishi, siyosiy dinamizm bo’lishi kerak. AQSh va Yevropa Ittifoqi shunda biror yordam ko’rsatishi mumkin. Tashqaridan bir narsaga erishish qiyin”,- deydi olima.

Mutaxassis fikricha, Qo’shma Shtatlar hozir bu ishga qo’l urmagani ma’qul, chunki demokratiya va erkinlik haqidagi bayonotlar nima bilan tugaganini Iroq va Afg’onistonda ko’rgan arab ommasi tub o’zgarish, islohot degan gaplarga haligacha shubha bilan qaraydi, deydi Ottovey.

Yana bir sharqshunos olim Amr Hamzavi fikricha Saudiya Arabistoni, Suriya va Liviyadan tashqari aksar davlatlarda oz bo’lsa-da, plyuralizm, ko’pfikrlilik mavjud, biroq siyosiy faollik va islohot maydoni qattiq cheklangan.

"Oshkora saylov yoki hokimiyat tarmoqlari o’rtasida muvozanat haqida gapirish o’rinsiz”,- deydi u.

“Xoh monarxiya, xoh respublika bo’lsin”, deydi Hamzavi, “har bir rahbar o’z o’g’lini taxtga tayyorlashga intiladi. Misr prezidenti Husni Muborak yoki Liviya rahbari Muammar Qaddafiy bunga misol”.

“Plyuralizm Sari: Arab dunyosidagi siyosat” kitobi mualliflari mintaqada yaqin orada demokratik islohotlar yo’nalishida biror jiddiy o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi. So’z va fikr erkinligini ta’minlaydigan, repressiyalarga yo’l bermaydigan mexanizm mavjud emas.

AQSh va G’arb davlatlari musulmon dunyosidagi diktatorlik rejimlarini qo’llab-quvvatlashda davom etar ekan, erkinlik targ’iboti hozircha faqat so’zda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG