Breaking News

Amerikalik qonunchilar: Eronga ishonch yo'q


Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod yadro dasturi yuzasidan Jenevada o’tgan muzokaralardan mamnun. “Yirik davlatlar Eron fikri bilan hisoblashmoqda. Atom reaktorlarimiz uchun xorijdan uran sotib olishga tayyormiz”, - deydi u.

AQSh Kongressida esa Eronga yana sanksiya qo’yish ustida tortishuvlar avjida. Qonunchilar fikricha, Eron yadro dasturi haqida to’liq va ishonarli ma’lumot bermayapti.

Demokrat senator Kristofer Dodd Eronga shartimiz juda oddiy, deydi. “AQShning sabr kosasi to’lib bormoqda. Xalqaro hamjamiyat Eronning atom dasturi atrofidagi o’yinlaridan charchab ketgan”.

“Eron yadroviy tadqiqotlari haqida to’liq ma’lumot bermasa, uran boyitishni va dunyo bo’ylab terrorchilarni quvvatlashni to’xtatmasa, kuchli sanksiyalar bilan jazosini tortadi”, - deydi qonunchi.

AQSh Senatida Eronga moliyaviy va savdo cheklovlari qo’yish haqidagi rezolyutsiya loyihasi muhokama qilinyapti.

Davlat kotibi muovini Jeyms Staynbergning tushuntirishicha, Obama ma’muriyatining strategiyasi ikki qirrali. Ya’ni Eron unga taklif etilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanishi mumkin. Bu ish bermasa, sanksiyalar bilan yuzlashishi turgan gap.

Ammo Eron bilan muloqot samarasiz deya jar solayotgan ayrim qonunchilar Obama ma’muriyati qachongacha kutadi, deya so’ramoqda. “Eron axir bu orada yadro quroli ishlab chiqarishi mumkin”, - deydi demokrat senator Robert Menendez.

Eron va BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari o’rtasida navbatdagi muloqot 19 oktyabr kuni Venada o’tishi rejalangan.

XS
SM
MD
LG