Breaking News

Xorazmdagi Ellikqal'a - loqaydlik va tabiiy jarayonlar qurboni


Qadim obidalar va umumbashariy boyliklarni muhofaza qilish jamg’armasi nazarida Xorazmdagi Ellikqal’a boy berilishi mumkin.

Zarur choralar ko’rilmasa, afsonaviy ko’rinishdagi qadim qal’alar tabiiy ofatlar va loqaydlik qurboni bo’ladi.

Jamg’arma xodimi, Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo’yicha loyiha direktori Gaetano Palumboning aytishicha, gap Qoraqalpog’iston shimolidagi bir emas, o’nlab qadimiy qal’alar haqida ketmoqda.

“Zich qilib qurilgan mudofaa inshootlari, qo’rg’onlar, ko’shklar ana shular jumlasidan – Ayoz qal’a, Jonbos qal’a, Tuproq qal’a va hokazo. Ba’zi imoratlar daxma, sag’ana vazifasini o’tagan. Bir emas, naq ikki mudofaa devori bilan o’ralgan, doira shaklida ishlangan Qo’yqirilgan qal’a ayniqsa odam e’tiborini tortadi. Ko’pi asosan loydan – xom g’isht, paxsadan ishlangan. Bunday imoratlarni muhofaza qilish juda mushkul vazifa. Aytish joiz, bu ma’lumotlarning katta qismi sovet olimlari, xususan, akademik Sergey Tolstov boshchiligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi davrida ro’yxatga olingan”, - deydi Gaetano Palumbo.

Gaetano Palumboning aytishicha, Butunjahon me’moriy obidalarni muhofaza qilish jamg’armasi odatda hududga o’z mutaxassislarini jo’natadi, ular ob’yektlarni o’rganib, xulosa qiladi. Ba’zida esa hukumatlarning o’zi jamg’armaga murojaat qiladi.

“Fransiyaning Krater arxitektura maktabi va O’zbekiston Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish boshqarmasi birgalikda Xorazmdagi loyiha ustida ishlab keladi. Ular biz bilan bog’landi. Bir necha asrlik tarixga ega manzil yo’qolish xavfi ostida ekanini ma’lum qildi”, - deydi Gaetano Palumbo.

Samarqand, Buxoro, Xiva diqqat markazida, chekka obidalar unutib qo'yilmoqda

Janob Palumbo so’zlariga ko’ra, tabiiy jarayonlar, aholining obida ahamiyatini tushunmasligi va turizm -- bu imoratlar vayron bo’lishiga turtki berayotgan omillardir. O’zbekiston rasmiylari hudud muhofazasi uchun chora ko’rsa-da, mablag’ yetarli emas, asosiy e’tibor Samarqand, Buxoro, Xiva kabi markazlarga qaratiladi. Umuman, loydan ishlangan imoratlar juda nozik, targ’ibot ishlarini oshirib, odamlarning savodini ko’tarish kerak. Albatta, obida muhofazasiga xalqaro hamjamiyatni ham jalb qilgan ma’qul, deydi Gaetano Palumbo.

Ellikqal'aga moliyaviy yordam beriladimi?

Butunjahon me’moriy obidalarni muhofaza qilish jamg’armasi biror moliyaviy yordam ajratishni ko’zlaganmi degan savolga janob Palumbo shunday deb javob beradi:

“Xorazmdagi me’moriy obidalar himoyasi uchun mablag’ jalb qilishga harakat qilamiz. Donorlar bilan gaplashib, loyihaning ahamiyatini tushuntiramiz. Bu qal’alar xarobaday ko’ringani bilan aslida haqiqiy durdona. Sal avval UNESCO yordamida Ayoz qa’lada keng ko’lamli arxeologik ishlar olib borilgan edi. Bunday loyihalarni ko’paytirishga yordam beramiz, albatta”, - deydi Gaetano Palumbo.

Jamg’arma ro’yxatiga tushgan manzil odatda ko’proq mablag’ va e’tibor torta boshlaydi. O’tgan yillar ichida tashkilot bir necha obidani saqlab qolishga hissa qo’shgan.

XS
SM
MD
LG