Breaking News

Rossiya Ukraina bilan gaz bo'yicha yana tortishmoqda


Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin agar Ukraina uning hududi orqali Yevropaga uzatilayotgan Rossiya gazini quvurlardan o'g'irlayotgan bo'lsa, ta'minotni butunlay to'xtatamiz demoqda. Bu esa Yevropaning bir qismi kelayotgan qish mavsumini sovuqda o'tkazadi degani.

Vladimir Putin o'tgan bir yil davomida energetika masalasini Yevropa rahbarlari bilan muhokama qilgan. Xususan may oyida Vengriya bosh vaziri bilan gazni Rossiyadan Yevropaga uzatuvchi va "Janubiy oqim" deb nomlanuvchi quvur qurilishini tezlatish haqida gaplashgan. "Janubiy oqim" Ukrainani aylanib o'tadi.

Oktyabrda esa Putin ushbu loyiha xususida Italiya Bosh vaziri Silvio Berluskoni, joriy oy boshida esa Daniya rahbariyati bilan fikr almashgan. Uning aytishicha, Yevropa Rossiya gazini Ukraina orqali o'tkazish xarajatlarini qoplashga yordam berishi kerak.

"Ukrainaga tranzit uchun 2,5 milliard dollar to'lab qo'yganmiz. Yevropa davlatlari ham o'rtaga bir milliard tashlasin. Ularda ham pul bor, chiqarsin kissasidan," deydi Putin.

Ukraina Bosh vazirasi Yuliya Timoshenko oktyabr oyida gaz uchun Rossiyaga 500 million dollar to'laganini aytib, pulning qolgan qismini prezident Viktor Yushchenko to'xtatib qo'ygan deydi. Biroq Ukraina prezidenti ayb Timoshenkoda, muzokara paytida bosh vazir Rossiyaga qo'l keluvchi shartnoma imzolagan demoqda. Bir vaqtlar safdosh bo'lgan bu ikki arbob yanvar oyida prezidentlik uchun kurashadi.

Rossiya Energetika xavfsizligi jamg'armasi direktori Konstantin Simonovning aytishicha, Timoshenko imzolagan shartnomaga ko'ra, Ukraina o'zi iste'mol qilmagan gaz uchun ham pul to'lashi kerak.

"Ammo boshqa tomondan," deydi tahlilchi, "Ukraina prezidenti shu tariqa saylovlarga tayyorgarlik ko'rmoqda. Quvur ishi to'xtasa yoki Rossiya bilan "gaz urushi" boshlansa, bundan faqat Yushchenko foyda ko'radi."

Noyabr oyi boshida Finlyandiya va Shvetsiya Ukrainani chetlab o'tuvchi Rossiyadan Shimoliy Yevropaga uzatilishi rejalangan quvur loyihasini ma'qullagan. Ammo, deydi Estoniya Mudofaa vaziri Yaak Aviksoo, bularning barchasi Rossiyaning siyosiy o'yinlari.

"Shimoliy va Janubiy oqim quvurlarining Sharqiy Yevropadagi ba'zi davlatlarni chetlab o'tishi ortida siyosiy sabablar bor," deydi u.

Yevropa davlatlari o'z navbatida Rossiya bilan bog'liq bo'lmagan Nabukko loyihasi ustida bosh qotirmoqda. Nabukkoni AQSh qo'llab-quvvatlaydi. Quvur uchun gaz Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdan keladi.

Garvard universiteti professori Marshall Goldmanning aytishicha, Rossiya Yevropa davlatlarini bir-biriga qarshi qayrab, muqobil loyihalar ildiziga bolta urmoqchi.

"Rossiya qit'adagi ayrim davlatlarni chegirmalar, arzon narxlar bilan o'z quvuriga o'tkazmoqchi. Bu esa Yevropaning bir yoqadan bosh chiqarib yagona loyihada qatnashishiga halaqit bermoqda."

Ammo Konstantin Simonov fikricha, Nabukko orqali ko'p gaz o'tmaydi. Yiliga atigi 31 milliard kubometr. Quvur ta'minotchilari ishonchli emas, deydi u.

"Nabukkoga gaz berishi kutilayotgan Turkmaniston, Eron yoki Misr kabi davlatlar masalani Rossiyadan ham ko'proq siyosiylashtirmaydi deb kim kafolat bera oladi, deb so'raydi rossiyalik tahlilchi. Rossiya gazdan siyosiy qurol sifatida foydalanayotgani yo'q. Shunchaki ko'proq pul ishlamoqchi xolos," deydi Simonov.

XS
SM
MD
LG