Breaking News

O'zbekistonda odamlarga saylovning qizig'i yo'q


Parlament saylovlari O`zbekiston ommaviy axborot vositalaridagi doimiy mavzuga aylangan, ammo saylov kampaniyasi aholi e'tiborini jalb etmagan holda davom etmoqda.

Sharhlovchilar nazarida sabab rasmiy matbuotni xalq o'qimaydi, axborot dasturlariga qiziqish yo'q.

“Matbuotda saylovlar haqida ko'p yozilayapti, televideniyeda gapirilayapti. Lekin xalq ichiga kirib razm solsangiz, buning hech kimga qizig'i yo'q. Odamlar ko'proq ijtimoiy muammolar haqida gapiradi. Matbuotdagi chiqishlarda partiyalar faqat to'tiqushga o'xshab bir-birlarini takrorlashadi”, - deydi “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov.

Saylovlar 27 dekabrga belgilangan

Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarni ro’yxatga oldi, 21 noyabrdan to'rt rasmiy partiyadan ko'rsatilgan 500 dan oshiq nomzodlar targ'ibot ishlarini boshlashi lozim. Hozircha tashviqot kampaniyasi, biror faollik kuzatilmaydi.

Deputatlikka nomzodlar saylovchilar bilan uchrashuvga qanday va'dalar bilan borishi noma'lum, boshqa tomondan esa saylovchilar ham nomzodlar bilan ko’rishishga qiziqmaydi.

“Odamlarga baribir bo'lib qolgan, saylov qog'ozini tashlab kelishi mumkin. Shaxsan o'zimni umuman qatnashgim yo'q. Sababi yoshim 57 da, hozirgacha qancha deputatlarga ovoz berdim, birortasi aytgan va'dasini bajarmagan. Boshingga ish tushib oldiga borsang, tanimaydi. Ularni saylagan bilan nima qilib berardi”? - deydi mahallliy faollardan biri.

Saylovchilar nomzodlar bilan uchrashuvga kelmasa, bunday yig’inlar majburan tashkil qilinishi mumkin

“Bunday uchrashuv oldindan ssenariy qilinadi. Kollejlar, institutlar, akademiyalar, mahalla qo'mitalariga boriladi. Faqat qarsak chaladigan odamlar to'planishi mumkin. Nomzodlar partiya dasturlari haqida gapirib berishadi. Bu uchrashuvlarda xalqni qiynab turgan ijtimoiy muammolar haqida savol-javob bo'lishi qiyin. Xalqqa shuning uchun bu saylovlarni qizig'i yo'q, chunki ular xalqni e'tiborini jalb qiladigan kishilar emas”, - deydi sharhlovchi Bahodir Chig'atoy.

Sharhlovchining aytishicha, saylovdan maqsad xalqaro jamoatchilik e’tiborini O'zbekistondagi adolatli saylovlarga jalb etish.

“Xalqaro jamoatchilik oldida biz saylovlarni adolatli, demokratik olib borayapmiz, demoqchi. Shu bahona demokratik davlatlar investitsiyasiga umid ham bordir”, - deydi u.

Bu yilgi saylovlarda mustaqil tashabbus guruhlaridan nomzodlar olg’a surilishi qonunan bekor qilindi. Sharhlovchilar faqat mustaqil ravishda ko'rsatilgan nomzoddangina mavjud siyosat, ijtimoiy vaziyat, saylovning qanchalik adolatli tashkil etilgani haqidagi ochiq bayonot kutish mumkinligini ta`kidlashadi.

“Na tashabbus guruhi, na muxolifat tomonidan hech kim bu saylovlarda qatnasha olmaydi. Qonunan bekor qilindi. Faqat rasmiy partiyalardan nomzod saylanishi mumkin. Bu - salovlar nodemokratik o'tadi degani. Shunday bo'lgandan keyin faqat qo'rqoq, qo'g'irchoq deputatlar saylanadi, ularning kelajak uchun o'zgarish qilishi qiyin”, - deydi “Adolatli saylovlar uchun” nodavlat tashkiloti rahbari Abdulla Tojiboy o'g'li.

Hukumat tashabbusida tuzilgan partiyalar nomzodi belgilangan chiziqdan chiqishi gumon

“Hozir unisi saylansa ham, bunisi saylansa ham farqi yo'q. Partiyalar, platformalar bir xil. Natija bermaydi, shunchaki o'tishi uchun o'tayapti ”, - deydi muxolifatdagi “Birlik ” partiyasi vakili Hamdam Sulaymon.

Hozircha xalqaro kuzatuvchilar O'zbekistondagi saylovlarga qiziqish bildirmayapti. Yaqinda Fransiyada O'zbekistonning UNESCOdagi doimiy vakili Lola Karimova tashabbusida saylov targ’ibotiga doir tadbirlardan biri o'tgan. “Jahon” axborot agentligiga ko'ra, tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otgan.

Sharhlovchilar fikricha, hozirgacha O'zbekistonda o’tgan umumxalq saylovlaridan birortasi demokratik talablarga javob bermagan. Ayniqsa, bir yil avval o'tgan prezident saylovlari.

“Qo’g’irchoq partiyalar ko’p ovoz olish uchun harakat qilishayapti, buni xalqqa hech qanday aloqasi yo’q. Ular boshqa narsaga qiziqayotgani yo’q. Agar ular xalq deputatlari, demokratik partiyalar bo’lishganda saylov munosabati bilan konstitutsiya buzilib, prezident noqonuniy saylanishi masalasini ko`rib chiqishlari kerak edi ”, -deydi o'tgan prezident saylovlarida nomzodini qo'yishga uringan faollardan biri Akbar Aliyev.

27 dekabr kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasiga 150 deputat saylanadi. Deputatlar rasman tan olingan O'zbekiston Liberal-demokratlar partiyasi, Xalq demokratik pariyasi, “Adolat” sotsial-demokratlar partiyasi va Milliy tiklanish partiyasi vakillari.

Qonunchilik palatasidan 15 o'rin O'zbekiston ekologlari harakati uchun ajratilgan. Aholida nafaqat yaqinda tashkil etilgan Ekologlar harakati, balki amaladagi rasmiy partiyalar ham qiziqish uyg'otgani kuzatilmaydi.

“Erk”, “Birlik”, “Ozod dehqonlar”, “Birdamlik” kabi muxolif guruhlar siyosiy hayotdan chetlatilgan. Muxolifatdagi partiyalar ham aholi o`rtasida mashur deyish qiyin, biroq ular ishlashiga hukumat izn bermaydi.

“Bu jarayon bir nech yildan buyon davom etayapti. Bir qoida bor - hokimiyat xalqniki. Hozir shu qoidani tasdiqlab olish uchun harakat qilishayapti. Lekin bu tasdiqlash qallobliklarsiz o'tmaydi, borgan sari qalloblik kuchayib boradi. Saylov albatta shunday qallobliklar bilan o'tadi”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Saylov mamlakat hayotida biror o'zgarish qilishiga ishonch yo'q

Muxolifat quvg'inda, amaldagi partiyalar hukumatni qo'llab-quvvatlab turgan bir paytda saylovlar mamlakat hayoti uchun biror yangilik bermasligi ta'kidlanmoqda.

“Amaldagi partiyalar hech narsa bilan bir-biridan farq qilmaydi, biroq farq qiladigan partiyalarni maydonga kirgizishmaydi. Umuman bizda sovet davridan boshlab hali haqiqiy saylov o'tmagan, hatto chor Rossiyasi davrida ham biroz tanlash imkoniyati bo'lgan. Rasman saylovlar o'tgan, biroq bir nechta odamlar ichidan tanlab, saylash imkoniyatini beruvchi saylov bo'lmagan. Shuning uchun hozir saylov ostida qanday tadbir o'tkazishadi, shaxsan menga buni qizig'i qolmagan”, - deydi sharhlovchi Baxtiyor Isabek.

Sharhlovchilar fikricha O'zbekistonda deputatlik vakolat, mas’uliyat, faollikni emas, ko'proq qarsakbozlik bilan kifoyalanishni anglatadi.

XS
SM
MD
LG