Breaking News

Amerika va O'zbekiston rasmiylari Vashingtonda muloqot qilmoqda


17-18 dekabr kunlari O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonda Amerika rasmiylari bilan maslahat kengashi o'tkazar ekan, bunday majlislardan muddao nima degan tabiiy savol tug’iladi.

Rishtalar uchun mas’ul diplomatlar deydiki, maqsad – oradagi muloqotni kuchaytirish, bu bilan xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish va shu tariqa odamlar hayotini yaxshilaydigan ishlar qilish.

AQSh Davlat departamenti va Mudofaa vazirligi O’zbekiston bilan muntazam muloqot qayta tiklanganini yakunlanayotgan yildagi yutuqlardan biri deb hisoblaydi.

Albatta, deya tan oladi rasmiylar, aloqalar asosan Afg’oniston borasidagi hamkorlik hisobiga oldinga siljigani sir emas.

“Lekin bu bilan cheklanib qolmaymiz. Aniq maqsadlarni ko’zlagan holda boshqa sohalarda ham birga ishlaymiz”,- deydi Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk (Robert Blake).

“Obama ma’muriyati O’zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan yillik maslahat kengashlari o’tkazishga qaror qilgan. Maqsad birga o’tirib muloqot qilish, jamiki sohalar yuzasidan kelishmovchiliklarga yechim qidirish, qarorlarimiz samara berishini ta’minlash”.

Robert Bleyk "Amerika Ovozi" bilan suhbatda “dialog” so’ziga urg’u beradi. Bir davrada o’tirib ochiqchasiga gaplashish, fikr almashish, o’zaro hurmat va manfaatlar asosida til topishish zaruriyatini eslatadi.

“O’zbekiston ham shuni istayotgani bizga ayon”,- deydi Davlat kotibi muovini.

“Aloqalar yuqori pog’onaga ko’tarilishini xohlaymiz, nafaqat siyosiy sherik bo’lishni, balki savdo va sarmoya oqimini oshirishni, aholi uchun imkoniyatlar yaratishni niyat qilganmiz. Buning uchun ikki tomon bir yoqadan bosh chiqarishi kerak”,- deydi Robert Bleyk.

Siyosiy-iqtisodiy hamkorlikdan tashqari ijtimoiy va ilm-fan sohasida ham gap ketmoqda.

O’zbekiston insonparvarlik yordamiga yo’q demaydi, ammo ta’lim dasturlari Islom Karimov ma’muriyatining, oddiy qilib aytganda, asabiga tegib kelayotgan proyektlar.

G’arbga xos erkinlik va demokratiya oppozitsion kayfiyat sifatida qabul qilinib, Amerika o’quv yurtlari yosh avlod ongini o’zgartirayapti, uni mahalliy mentalitetdan uzoqlashtirayapti degan qarashlar yangraydi.

Norovning o’zi bundan ikki yilcha avval Amerika rasmiylariga “sizning almashinuv dasturlaringiz bizga kerak emas” deya baralla aytgani Vashington siyosiy doiralari yodidan ko’tarilmagan. Qizig’i, o’sha paytda uning qizi FLEX dasturi orqali Amerikada tahsil olayotgan edi.

Keyingi paytlarda AQShning O’zbekistondagi elchisi Richard Norland yangi tashabbuslar bilan chiqib, yaqinda Toshkentda bu davlat oliygohlarida o’qishni ko’z-ko’z qiluvchi, yoshlarni imkoniyatlardan boxabar qiluvchi tadbirlar o’tkazildi.

Yana bir nozik masala bu islohotlar. Amerika uchun demokratiya targ’iboti tashqi siyosatning ajralmas qismi.

Obama ma’muriyati, deydi AQShning region bo’yicha sobiq bosh diplomati Evan Feygenbaum (Evan Feigenbaum), Bush va Klinton davridagidek huquq ahvolini yaxshilash va oshkoralikni ta’minlashga chaqirishda davom etsa kerak.

“Lekin Afg’onistonda ahvol tang ekan, Vashington uchun u yerda tinchlikni tiklash prioritet bo’lib qoladi. Shu bilan birga Amerikani regionga yetaklayotgan asosiy faktor faqat urush bo’lib qolmasligi kerak. Hozir Toshkentga yoki Markaziy Osiyoning boshqa poytaxtlariga borayotganlarning aksariyati ko’p-yulduzli harbiylar. Omma ularni ko’rganda jangovar harakatlar haqida o’ylaydi, iqtisodiy imkoniyatlar haqida emas”,- deydi Evan Feygenbaum.

Bu siyosatdon fikricha Obama ma’muriyati shunday mintaqaviy strategiya bilan chiqishi kerakki, u qo’shni mamlakatlarni bir-biriga bog’lasin. Markaziy Osiyo busiz taraqqiy eta olmaydi.

AQSh ular orasida konstruktiv ko’prik bo’lishi mumkin. Vashington regional loyihalarga mablag’ ajratish, yonma-yon yashayotgan va o’xshash muammolar bilan yuzlashayotgan jamiyatlarga birdek yordam qo’lini cho’zish haqida o’ylashi lozim deya tavsiya qiladi sobiq diplomat.

Evan Feygenbaumning o'zi aloqalarga 2006-2007 yillarda mas’ul bo’lgan. 2005 yilda Andijon voqealari ketidan sovuqlashgan munosabatlar uning davrida ham murakkab bir ahvolda edi.

U va uning boshlig’i Richard Boucher Islom Karimov va uning ma’muriyati a’zolari bilan uchrashgan. O’zaro manfaatlar haqida gaplashgan, muloqot biroz jonlangan. Lekin muloqotning o’zi yetmaydi, hamma narsa amalda nima o’zgarishiga bog’liq, deydi Evan Feygenbaum.

“Davlatlar orasidagi muloqot yangilik emas. Rahbarlarimiz gaplashayotganini ulkan o’zgarish deya olmaymiz",- deydi u.

"Gap ular bizni nimaga yetaklayotganida. Kelishmovchiliklar barham topayaptimi? Aniq qadamlar tashlanayaptimi? Hamkorlik turli sohalarni qamrayaptimi”?

O’zbekiston G’arbdan, xususan Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqidan ichki masalalarga aralashmaslikni so’rab keladi. Ma’muriyat islohotlar jadal ketmoqda, qadamma-qadam taraqqiyotga erishilmoqda deya ta’kidlaydi.

Robert Bleyk, AQShning yetakchi diplomati, “O'zbekiston hukumati pozitsiyasini hurmat qilamiz. U bilan kelishib ishlaymiz”, deydi.

Evan Feygenbaum nazarida bu to’g’ri munosabat, ammo muloqotlarda AQSh tashqi siyosatidagi fundamental qadriyatlar – siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy erkinlik chetda qolib ketmasligi kerak.

“Hukumatimiz bir yoki ikki maqsadni emas, serqirra tashabbuslarni olg’a surishi, barcha yo’nalishlar ustida ishlashi kerak”,- deydi u.

Aks holda, deydi Evan Feygenbaum, Qo’shma Shtatlarning qo’li uzoqqa yetmaydi. Sobiq diplomat barcha sohada birdek yutuqqa erishib bo’lmasligini tan oladi. Siyosiy muvozanat, real sharoitga qarab ish tutish ahamiyati haqida gapiradi.

Vaqt – odil hakam. “O’zbekiston-Amerika orasidagi siyosiy dialog maqsadlari qanchalik aniq, keng-qamrovli va ezgu ekanini uning amaldagi natijalariga qarab baholaymiz”, - deydi arbob.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG