Breaking News

G'arbdan achchiqlangan Eron yadro dasturini kengaytiradi


Eron uran boyitish dasturini yanada kengaytirib, 20 ta yadroviy inshoot qurishini e’lon qilmoqda. Maqsad, deydi rasmiylar, mamlakat atom zavodlarini yetarli yonilg’i bilan ta’minlash. Rasmiy Tehron va G’arb o’rtasida muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Atom dasturi rahbari Ali Akbar Salohiyning ta’kidlashicha, 20 ming megavatt elektr quvvati ishlab chiqarish uchun Eronga 20 karra ko’proq yonilg’i kerak. Natanz zavodining o’zigina buni ta’minlab bera olmaydi.

Bu Eronning yadro dasturini kengaytirayotgani haqida ikkinchi marta bayonot berishi. BMT undan tadqiqotlarni to’xtatishni so’ramoqda. Prezident Mahmud Ahmadinejod va yuqori lavozimli boshqa rasmiylar bu borada ortiq gaplashmaymiz degan.

Parlament spikeri Ali Larijoniy nazarida Eron faqat iqtisodiy manfaatini ko’zlab ish tutayotgani BMT qoshidagi Atom boshqarmasiga ma’lum. “Shov-shuv va yolg’on gaplar bilan G’arb Eronga so’zini o’tkazmoqchi, xolos”, - deydi u.

Eronga murosa qilish uchun berilgan muhlat, ya’ni yangi yil yaqinlashar ekan, kuzatuvchilar fikricha aslida sahna ortida muzokaralar avjida.

“Muammoga diplomatik yechim topish uchun vaqt juda oz qoldi. Ham G’arb davlatlari, ham Eron ziddiyatlarga shu yil nuqta qo’yishga harakat qilyapti”, - deydi tahlilchi Mehrdod Xonsariy.

Atom boshqarmasi va Tehron o’rtasidagi muzokaralarga Turkiya vositachilik qilishi mumkin degan taxminlar bor. Eron Davlat Xavfsizlik Kengashi rahbari Said Jaliliy Anqaraga safar qilmoqda.

XS
SM
MD
LG