Breaking News

AQSh Afg'onistonda tor va qisqa muddatli maqsadlarni ko'zlaydi


Barak Obama “agar prezident bo’lsam, Iroqdagi urushga barham berib, butun diqqatni Afg’onistonga qarataman” degan edi. Terrorga qarshi urushning asosiy fronti shu yer bo’lishi kerak deb kelgan.

Uzoq muhokamalardan keyin, AQSh bu mamlakatga 30 ming qo’shin yubormoqda, ammo 2011 yilda ularni vatanga qaytarish sharti bilan. AQSh Afg’onistonda nimalarga erishmoqchi?

Obama shu yil boshida prezidentlikka kelgach, mart oyida Afg’oniston bo’yicha o’z rejasini taqdim etgan edi. O’tgan hafta e’lon qilingan yangi strategiya undan ancha farq qiladi. Aniqrog’i, deydi tahlilchilr, u tor va qisqa muddatli maqsadlarni ko’zlaydi.

“AQShning Afg’onistonda uzluksiz qolish niyati yo’q “, - deydi yaqingacha Davlat departamentida bu masala bilan shug’ullangan Daniel Marki. “Qanchalik munozarali bo’lmasin, missiya yana uzog’i bilan bir yarim yil davom etadi deb qat’iy qaror qilingan”.

Obama ma’muriyatining qayd etishicha, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda davlat qurish bilan shug’ullanmoqchi emas. Mahalliy armiya va politsiyani oyoqqa turg’azib, xavfsizlikni ular o’zlari eplashiga umid bo’glangan.

Yil boshida, shuningdek, mintaqaviy yondashuv haqida gap ketgan edi. Biroq Al-Qoida va Tolibon o’chog’i deb tilga olingan Pokiston bu ishda AQShga qanchalik yordam bera oladi? Qanday hamkorlik haqida gap ketmoqa? Bu ko’pchilikka hali ham qorong’u.

Tolibonning asosini tashkil etuvchi pushtular afg’on jamiyatining yirik va tarkibiy qismi ekan, bu guruhni yengish mumkin emasligi tan olinmoqda. Yangi strategiyada jangari harakatini chekinishga majbur qilish asosiy vazifa deb ko’riladi.

“Obama ma’muriyati Afg’onistondagi real vaziyatga moslashishga majbur. Bu prezident taqdim etgan rejadan yaqqol ko’rinib turibdi”, - deydi osiyoshunos olima Kristina Feyer. “Biroq Obama nutqida bu haqda gap ochmadi”.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bu borada savolga tutilganda, shunday javob qildi:

“Oq uyda so’nggi 3 oy davomida kechgan muhokamalarda “AQSh Afg’onistonda real nimaga erisha oladi? Asosiy vazifadan chalg’imayapmizmi? degan savollar o’rtaga tashlandi. Missiya maqsadi AQSh xavfsizligini ta’minlash, unga tahdid solayotgan ekstremistik guruhlarni yo’q qilishdan iborat”, - deydi Robert Geyts.

Hamid Karzay hukumati yaqin 5 yilda mamlakatning ko’pgina qismlarini o’zi idora eta olishidan umidvor.

Afg’onistonning AQShdagi elchisi Said Javod deydiki, “Mamlakatni qayta qurish haqidagi gaplarga boshidan hech kim ishonmagan. Bu amalga oshmaydigan ish ekanini, shunchaki balandparvoz shior ekanini bilganmiz”, -deydi u.

Afg’onistonda avgust oyida o’tgan prezident saylovlari erkin va adolatli deb tan olinmagan. Bir milliondan oshiq ovozlar soxta deb bekor qilingan. Hamid Karzayning bosh raqibi Abdulla Abdulla jarayondan shikoyat qilib bellashuvni tark etgach, Karzay yana bir muddatga qoldi.

300 million dollarga tushgan saylov ham AQSh, ham Karzay uchun sharmandalik bilan tugadi. Tahlilchi Daniel Markining aytishicha, Vashington afg’on rahbarini quvvatlamay qo’yishi mumkin degan xavotir uni poraxo’r siyosatchi va qo’mondonlar bilan ittifoq tuzishga majbur etdi.

“Hokimiyatda qolish uchun Hamid Karzay afg’on jamiyatida katta nufuzga ega ammo nomi bulg’angan qo’mondonlar yordamiga tayandi. AQSh ularni hokimiyatdan chetlatishni ko’zlagan edi”, - deydi mutaxassis.

Obama rejasida Pokiston qanday rol o’ynashi hamon mavhum qolmoqda. Ayrimlar nazarida, Oq uy o’rtadagi hamkorlikni ortiqcha reklama qilmasdan, zimdan olib borishni ma’qul ko’ryapti chunki oradagi kelishuvlar korrupsiya va qoloqlikdan to’ygan Pokiston ahli orasida chuqur norozilik uyg’otishi mumkin.

XS
SM
MD
LG