Breaking News

Prezident Barak Obama Afg'onistonga safar qildi


Bu Barak Obamaning AQSh prezidenti va oliy qo’mondon sifatida Afg’onistonga ilk tashrifi. Prezident Hamid Karzay va hukumat rasmiylari bilan muloqot rejalangan.

AQSh rahbari tunda Bagrom harbiy bazasida qo’nib, u yerdan vertolyotda prezident saroyiga yo’l oldi. Tashrif qisqa muddatli bo’lib, xavfsizlik sabab oldindan e’lon qilinmagan.

AQSh rahbari safari chog'ida bu mamlakatda xizmat qilayotgan amerikalik zobitlar bilan uchrashdi. O’tgan uch oyda harbiylar orasida talofatlar keskin oshgani kuzatiladi. Qo’mondonlar buni Afg’oniston janubida harbiy harakatlar avj olayotgani bilan izohlaydi.

AQShning afg’on strategiyasi mamlakatga yana 30 ming askar jo’natish, 2011 yilning yozida esa javobgarlikni mahalliy armiyaga topshirishni nazarda tutadi.

Bagromda harbiylar bilan uchrashuvda, Barak Obama Amerika xalqi nomidan ularga minnatdorchilik bildirdi, zobitlar ruhini ko'tarishga harakat qildi.

"Afg'on xalqi o'nlab yil davom etayotgan mojarolardan charchagan. Bizning vazifamiz bu yerda tinchlik o'rnatish, afg'on hukumati bilan o'zaro hurmat va manfaat asosida hamkorlikni yo'lga qo'yish", - deydi Obama.

Uning aytishicha, "Amerikaning maqsadi Afg'oniston ichki ishlariga aralashish yoki mintaqada nufuzini oshirish emas, Al-Qoida va Tolibonni yengishdir. "Aminmanki, siz bu missiyani uddalaysiz", - dedi Obama askarlarga murojaatida.

Oq uy rasmiylariga ko’ra, Obama tashrifi chog'ida “afg’on rahbariga uning e’tiboridan chetda qolayotgan vazifalarni eslatib qo’ygan”. Hamid Karzay ma’muriyatidan korrupsiya va qoradori savdosiga qarshi kurashni jadallashtirish va hukumatga malakali, ishiga puxta, halol odamlarni tayinlashni so’ragan.

Prezident Karzay Obama taklifiga ko'ra 12 mayda Vashingtonga safar qiladi.

Barak Obama 8 yillik urush strategiyasiga kiritilgan so’nggi o’zgartirishlar qanday natija berayotgani haqida Afg’onistondagi qo’mondon Stenli Makkristaldan hisobot olishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG