Breaking News

O'zbekistonda saylovlarni Yevropa mutaxassislari kuzatadi


O’zbekistonda parlament saylovlarini kuzatish uchun hozirgacha 30 dan oshiq davlat vakillari, bir necha xalqaro tashkilotlar rozilik bergan.

Yaqinda Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ekspertlarini kuzatuvchi sifatida ro’yxatga oldi.

Sharhlovchilar fikriga ko'ra, O’zbekiston aholisi saylovga ishonmay qo’ygan bir pallada, xalqaro kuzatuvchilar pozitsiyasi qanday bo’lishi ahamiyatsiz.

Markaziy saylov komissiyasi YXHT Demokratik institutlar va Inson huquqlari byurosidan 13 kishini xalqaro kuzatuvchi maqomida ro’yxatga olgan. Ayni paytda ular o’z faoliyatini boshlagan.

Ekspertlar guruhi rahbari Iolanda Brunettining matbuotdagi intervysiga ko'ra, missiya O’zbekiston hukumat taklifiga binoan kelgan. Parlament saylovlarini bevosita kuzatish missiya vakolatiga kirmaydi, ekspertlar saylovni demokratik tarzda o’tkazish uchun ko’mak ko'rsatish bilan cheklanishadi, xolos.

YXHT O’zbekiston parlament saylovlari haqidagi hisobotini saylovdan ikki oy o’tib e’lon qilishi kutilmoqda. Tashkilot O'zbekistonda o'tgan avvalgi saylovlarni demokratik tamoyillarga javob bermaydi, deb topgan edi.

Malumotlarga ko'ra, O'zbekiston parlamenti saylovlarini kuzatish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Xalqaro Islom Konferensiyasi kabi tashkilotlar, 30 oshiq davlatlar o'z vakillarini yuborishga rozilik bergan.

Sharhlovchilar fikriga ko'ra, saylovlarga xalqaro miqyosda baho berish an’anasi saqlab qolinadi. MDH, ShHT kabi tashkilot kuzatuvchilari saylovni adolatli, demokratik baholashi hozirdanoq ko'pchilikda shubha uyg'otmaydi.

27 dekabr kuniga mo'ljallangan parlament saylovlarida ishtirok etish uchun ro'yxatga olingan 500 dan oshiq nomzod uchun ayni paytda saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlar kampaniayasi boshlanishi kerak. Biroq hozirgacha bo’lgan ma’lumotlarga ko’ra, nomzodlar bilan uchrashuvda qatnashgan saylovchilar juda kam.

“Hech kim bilan uchrashuvga chiqqanim yo'q, hech kim chaqirgani ham yo'q. Nima, kim, qanaqa dasturlari bor, bulardan bexabarman. Hech kim qiziqayotgani ham yo'q deb o'ylayman”, - deydi poytaxtdagi saylovchilardan biri.

Viloyatdagi saylovchilardan biriga ko'ra, u yashaydigan joyda faqat saylov o'tishi to'g'irisidagi plakat osilgan xolos.

“Birorta familiya, partiyaning ham plakati yo'q, hali hech kim hech narsani bilmaydi. Bir kun qolganda targ'ibotlar to'xtatilishi kerak, hozir uchrashuvlarning eng qizg'in pallasi bo'lishi kerak aslida. Bunaqa narsalar yo'q. Bilmadim, endi nima bo'layapti”, - deydi u.

Sharhlovchilar nazarida parlament saylovlari mamlakatdagi ijtimoiy- iqtisodiy vaziyat o'ta og'irlashgan bir paytda o'tmoqda. Hozirgacha asosan televideniye orqali o'tayotgan saylov targ'ibotida partiyalar ham, ulardan ko'rsatilgan nomzodlar ham aholini qiynab turgan bu muammolarni chetlab o'tmoqda.

“Mahallada uchrashuvlar deyarli yo’q, partiyalar haqida televideniyeda roliklar ketayapti. Lekin shaxslar haqida, okruglaridagi uchrashuvlar haqida hech narsa yo’q. Mamlakatni qiynab turgan dolzarb muammolar bor, bular pulning qadrsizlanishi, ishsizlik, maoshlarning kechikishi, tadbirkorlarga naqd pul bermay qo'yayotgani. Prezident devonidagilar vaziyat nihoyatda tarang ekanidan yaxshi xabardor. Partiyalarning uchrashuvida fikrlar qarshiligi yuzaga chiqib qolishidan qo'rqishadi, shuning uchun televideniyadagi chiqishlar bilan cheklanishni ma'qul ko'rishmoqda”, - deydi tadbirkor Jahongir Shosalimov.

Saylovga 20 kundan kam vaqt qolishiga qaramasdan, nomzodlar o'z maqsadlarini xalqqa to'liq taqdim etishga ulgurishmagan. Sharhlovchilar buni saylovlar taqdirining avvaldan hal etilgani bilan izohlashadi.

XS
SM
MD
LG