Breaking News

Amerika Markaziy Osiyo bilan yangicha munosabatlar tarafdori


Shu hafta Vashingtonda O'zbekiston va AQSh hukumati delegatsiyalari o'rtasida muzokaralar kutilar ekan, AQSh qonunchilari Amerikaning Markaziy Osiyoda siyosati qanday bo'lishi kerak degan savol bilan siyosatchilar va mutaxassislarga murojaat etmoqda. Senatda ushbu mavzuda tinglov o'tkazildi.

Tashqi aloqalar qo'mitasiga a'zo to'rt senator Davlat departamenti va Pentagonning Markaziy Osiyo masalalari bilan shug'ullanuvchi rasmiylari hamda vashingtonlik tahlilchilarni AQShning mintaqadagi hozirgi siyosati qandayu va qanday bo'lishi kerak deya savolga tutdi. Ba'zilar Markaziy Osiyo bilan Afg'oniston siyosati doirasida muloqot qilish kerak desa, boshqalar nazarida Amerika ushbu davlatlarga nisbatan mustaqil siyosat ishlab chiqishi zarur.

Tinglovga raislik qilgan demokrat senator Robert Keysining (Robert Casey) aytishicha, mintaqa bilan har ikki ko'rinishda aloqa qilish mumkin.

"Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlar AQSh siyosatchilari uchun oson bo'lmagan. Bu davlatlarda inson huquqlari muntazam ravishda poy-mol etiladi, tuzumlar nodemokratik", - deydi senator Keysi.

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha yordamchisi Jorj Krolning (George Krol) tinglovda aytishicha, ayni paytda Qo'shma Shtatlar mintaqaga nisbatan siyosatini qayta ko'rib chiqmoqda.

"So'nggi oylar ichida mintaqaga bir necha bor tashrif buyurib, bu o'lkalarning AQSh bilan aloqalarni jadallashtirishga qiziqishini ko'rib, har biri bilan yillik muloqot o'tkazib turishga qaror qildik. Ulardan birinchisi shu hafta O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya bilan o'tishi rejalangan", - deydi Jorj Krol.

Davlat departamenti rasmiysiga ko'ra, kelasi bir necha oy ichida Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan ham shu kabi konsultativ uchrashuvlar o'tkaziladi va ikki tomonlama munosabatlardagi barcha masalalar muhokama etiladi. Xususan inson huquqlari bobida, chunki, deydi Kroll, Obama ma'muriyati bu masalani ustuvor deb belgilagan.

Tinglovda Pentagon vakili ham ishtirok etgan. AQSh mudofaa vazirining Afg'oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Deyvid Sednining (David Sedney) aytishicha, mintaqa bilan hamkorlik ayni damda Afg'oniston strategiyasi doirasida olib borilmoqda.

Prezident Obama Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming, NATO esa 7 ming askar yuborishga qaror qilgan ekan, ularni kiyim-kechak, oziq-ovqat, qurol va jihozlar bilan ta'minlash dolzarb masala. Deyvid Sedni harbiy va noharbiy yuklarni Afg'onistonga yetkazishda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilyapmiz deydi.

"O'zbekiston Osiyo Taraqqiyot Banki yordamida Hayraton-Mozori Sharif yo'nalishi bo'yicha Afg'onistonda ilk temir yo'l qurmoqda. Loyiha qiymati 170 million dollar. Bir-bir yarim yil ichida ishga tushishi rejalangan. Temir yo'l Afg'onistondagi AQSh kuchlariga yuklarni yetkazishda qo'l keladi", - deydi Pentagon vakili.

Uning aytishicha, qo'shimcha mahsulotlarga talab paydo bo'lishi ba'zi tovar va materiallarni Markaziy Osiyoning o'zida sotib olishga imkon yaratadi, bu esa mintaqa davlatlari iqtisodiyotiga ozmi-ko'pmi yordam bo'lib, urushga sarflanayotgan mablag'ni tejaydi.

Strategik izlanishlar markazi tahlilchisi Stiven Blank (Stephen Blank) nazarida Qo'shma Shtatlar Markaziy Osiyoga Xitoy kabi jiddiy e'tibor qaratmayapti.

"AQSh mintaqaga diplomatlarini yuboribgina qolmay, Oq uy ma'muriyati vakillari, vitse-prezident va hattoki prezident ham Markaziy Osiyoga borib turishi lozim.

Yana bir tahlilchi, Tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi xodimi Marta Olkot (Martha Olcott) AQSh hukumati Markaziy Osiyo bilan bir necha yo'nalish bo'yicha ish olib borishi kerak deydi.

"Qo'shma Shtatlar harbiy sohalarda va ayniqsa chegara xavfsizligi bobida hamkorlikni kengaytirishi, shu hafta Turkmanistonda ishga tushgan va Xitoygacha cho'zilishi rejalangan gaz quvurini boshqa loyihalarga muqobil ravishda ko'rib, Yevropaning Rossiya yonilg'isiga tobeligini kamaytirishi, mintaqada demokratik islohotlarni targ'ib qilishda har bir mamlakatdagi sharoitni hisobga olishi, o'rta ta'lim va Internetni rivojlantirishda yordam berishi lozim", - deydi Marta Olkott.

Biroq shu bilan birga, deya qo'shimcha qiladi Stiven Blank, mintaqa davlatlarini inson huquqlari bobida tartibga chaqirib ham turish kerak.

"Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar Xelsinki bitimiga o'z xohishi bilan a'zo bo'lgan, demakki uning talablarini ham so'zsiz bajarishi kerak. Bu ishni avvalambor 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislikni qo'lga olayotgan Qozog'istondan boshlash kerak".

Uning nazarida Qozog'iston bu maqomga erishish yo'lida ko'p va'dalar bergan, qator islohotlarni amalga oshirishini aytgan, ammo muddaosiga yetgach, bironta va'dasini bajarmagan.

"Qozog'iston hukumati kelasi yili Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitiga mezbonlik qilish istagida ekan, inson huquqlari, so'z erkinligi, siyosiy erkinliklar bobida unga qator shart va talablar qo'yish kerak. Axir hamma har joyda AQShni tanqid qiladiku. Tashkilot raisi boshqalarga o'rnak bo'la olmasa, Qozog'istonni ham tanqid qilishdan cho'chimaslik kerak", - deydi vashingtonlik tahlilchi.

XS
SM
MD
LG