Breaking News

O'zbekistonlik muhojirlar Rossiyada noiloj ahvolda


Rossiya muhojirlar federatsiyasi Kremlni hujjatsiz migrantlarga qo’yilgan taqiqlarni olib tashlashga chaqirmoqda.

Tashkilotga ko’ra bir necha million mehnat muhojirlari noqoqonuniy tarzda mehnat qilishga majbur. O’zbekistondan Rossiyaga borib tirikchilik qilayotganlarning aksariyati ham shu toifaga kiradi.

Rossiya muhojirlar federatsiyasining bildirishicha Rossiyadagi muhojirlar soni bugun 16 millionga yaqinlashgan. Ularning bir necha millioni ishlash uchun zarur hujjatlarga ega emas.

Tashkilot pozitsiyasi shuki, rasmiy qog’oz berilmagani muhojirlarning aybi emas. Ular biror bir jinoyat qilmagan. Shu bois ham ularga qo’yilgan cheklovlar olib tashlanishi kerak.

“Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov bir muddat Rossiyada bo’lib o’zbekistonlik muhojirlar to’qnashayotgan muammolarni o’rgangan.

“Birinchi navbatda ularga byurokratik to’siqlar qo’yilmoqda. Hujjat olish jarayonini ataylab cho’zishayapti. Bu asosan mehnat ruxsatnomasini olish va registratsiya qilish. Bu bilan shug’ullnadigan tashkilotlar ham yo’q. Hammasi o’z manfaatini ko’zlaydi. Ular ichida o’zimizning fuqarolar ham bor. Yordam beraman deb aldash yo’liga o’tib ketgan. Keyin ishlab oylik maoshini ololmaganlar ham ko’pchilikni tashkil etadi”, - deydi Hayitboy Yoqubov.

Faolning kuzatishicha Rossiya jamoatchiligida muhojirlarga munosabat keskinlashib bormoqda. Millatchilik siyosiy kuchlar va axborot vositalari tomonidan targ’ib qilinayotgani seziladi.

Rossiya federal migratsiya xizmatiga ko’ra, mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega bo’lganlar qayddan o’tgach 90 kun ichida chiqib ketishi kerak.

Ishlash uchun ruxsatnoma esa yangi qoidaga binoan ish beruvchi bilan tuzilgan shartnoma bo’lgan taqdirda bir yil muddatga beriladi.

Bu yangi qoidalar, deydi masala bilan yaqindan tanish mutaxassislar, muhojirlarni yashirinishga majbur etmoqda.

“Uralskiy dom” jamiyati rahbari Leonid Grishinning migratsiya bo’yicha yaqinda Rossiyda o’tgan konfenensiyada ta’kidlashicha ruxsatnoma olishni yangi qoidasi minglab muhojirlarni noqonuniy sharoitda qo’ygan.

Bunday migratsiya mavjudligi esa militsiya, migratsiya xizmati va boshqa tegishli idoralar xodimlari uchun korrupsiya, pul undirish vositasi bo’lib qolmoqda.

Rossiyada ishlab qaytgan fuqarolardan birining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, unga ruxsatnoma olishda tanishlari ko’maklashgan. Aks holda buning iloji yo’q, deydi u.

“Tanishi bo’lmagan odam ko’chada qolib ketishi mumkin. Firibgarlarning qo’liga tushishi mumkin. Pasportini olib qo’yib, qul qilib ishlatishi mumkin”, - deydi u.

Mehnat muhojirlari soni jihatdan o’zbekistonliklar Rossiyada yetakchi o’rinda. Mahalliy faollar hisobicha ularning soni 3 million atrofida. Lekin ayrim manbalarga ko’ra bu son undanda yuqori bo’lishi mumkin.

O’zbekistonliklar son jihatdan ko’p bo’lishiga qarmasdan, deydi migrantlarning o’zi, ular Rossiyadagi eng tarqoq jamoalardan biri. Birdamlik ko’zga tashlanmaydi, o’zaro ishonch past.

“O’zbek muhojirlarida qo’rquv bor. O’zlari ham bilmaydi. Masalan o’n kishi yig’ilsa, boshqa odam noto’g’ri o’ylaydi deb bir-biridan xavfsiraydi”, - deydi yaqinda muhojirlikdan qaytgan fuqaro.

Aksariyat o’zbekistonliklar uchun mehnat muhojirligi tirikchilik qilishning yagona yo’li. Mamlakatdagi ishsizlik ularni turli yurtlarga tarqatgan. O’zbeklar chet elga chiqib har qanday o’g’ir ishlarga tayyor.

“Eng qora ishni faqat bizni odamlar qiladi. U yerdagilar bu ishlarni tan olmaydi. Kimlardir buni to’g’ri tushunadi, hurmat qiladi. Kimlardir esa buni tushunmaydi”, - deydi yana bir o’zbekistonlik.

Mahalliy aholisi kamayib borayotgan Rossiyada ishchi kuchiga talab oshib bormoqda. Hukumat bu boradagi siyosatini liberallashtirishi kerak.

Muhojirlikdan tushayotgan mablag’ O’zbekistonda iqtisodiy tayanch ekan, hukumat o’z fuqarolarini qadrlash uchun aniq harakatlar boshlashi lozim.

O’zbekiston va Rossiya hukumatlari o’rtasida mehnat muhojirlari, ular huquqlarini himoyalash to’g’risida bitim imzolangan. Lekin uning migrant ishchilar bu hujjat samarasini ko’rmayapti.

XS
SM
MD
LG