Breaking News

Qirg'izistonda mojaro davom etmoqda, Rossiya roli oydinlashmoqda


<!-- IMAGE -->

Qirg’izistonda Qurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ketmoqchi emas. O’tgan hafta hokimiyatni ag’dargan muxolifat uni hibsga olish ahdida qat’iy.

Bishkekdan “Amerika Ovozi” muxbirlarining xabar berishicha, Bakiyev ayni damda jon saqlayotgan Jalolobod shahrida maxsus operatsiyalar rejalangan.

Bu harbiy amaliyotlar qonli kechishi, odamlar halok bo’lishi mumkin.

Bakiyevni kuch bilan qamoqqa olishga urinayotgan muxolifat boshchiligidagi muvaqqat hukumatga hozir har tarafdan ogohlantirish berilmoqda.

Yevropa Ittifoqi, AQSh, BMT va Rossiya mojaroni muzokara orqali, tinch yo’l bilan hal etishga chaqirmoqda.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva bilan telefonda gaplashib, unga uzoqni o'ylab ish ko'rishni maslahat bergan. "Amerika xalqi Qirg'iziston xalqiga hamdard",- degan u, bu muloqotda.

Klintonning muovini Robert Bleyk bu davlatga yo’l olmoqda. Maqsad, deydi u, tomonlarni murosaga undash.

<!-- IMAGE -->

“Amerika Ovozi” tahlilchisi Erika Maratning Bishkekdan hikoya qilishicha, Roza Otunbayeva va uning atrofidagi odamlar ham Bakiyev prezidentlikdan o’z ixtiyori bilan ketadi degan umidda.

Muxolifat Bakiyevni Jalolobodda qo’lga olish uchun harakat qilinsa, qurolli to’qnashuv yuzaga kelishi mumkinligini tushunadi.

Erika Maratning aytishicha, bugun o’tgan matbuot anjumanida Roza Otunbayeva ham, uning o’rinbosari Almaz Atambayev ham Bakiyevni jinoyatchi deb atab, uni xalq oldida javob berishga, ayblariga iqror bo’lib, hokimiyatni boy berganini tan olishga chaqirgan.

Bishkekda ahvol o’tgan haftaga nisbatan biroz tinch, deya tasvirlaydi Erika Marat, lekin odamlar vayronaga aylangan do’konlar, idoralar, jamoatchilik markazlariga qarab, ularni tiklash qancha mablag’ va mehnat talab qilishi haqida o’ylanib qolgan.

"Ko’chalarda to’da-to’da bekorchi yoshlarni ko’rasiz. Ishsizlik, nochorlik va korrupsiya bu jamiyatni yemirmoqda", - deydi o’zi ham Bishkekda tug’ilib katta bo’lgan Erika Marat.

<!-- IMAGE -->

Odamlar yangi hukumatni olqishlashga shoshmayapti.

Jamoatchilik o’zgarishlar haqida turlicha fikrda. Kimdir “Bakiyev ketganidan xursandmiz” desa, yana kimdir “Mana uning o’rniga boshqa o’g’rilar keldi” deydi. Ommaning boshqaruvga ishonchi yo’qolgan.

Roza Otunbayevaning o’rni hali mahkam emas. Muxolifat o’zaro kelisha olmasa, uni ham siqib chiqarishi mumkin.

“Muvaqqat hukumat a’zolari orasida o’ziga yarasha raqobat ketayotgani sezilmoqda. Hokimiyatni egallash, rahbarlik uchun kurash boshlangan. Tanish-bilishchilik, pora olib ishga joylashtirish, yuqori lavozimlarni o’z odamlariga va’da qilish… Eski muammolar, eski toz, eski hammom”,- deydi Erika Marat.

Oppozitsiya qo’lida qancha mablag’ bor degan savol ko’pchilikni qiynar ekan, Qirg’izistondagi qonli voqealar ortida Rossiya turgani haqida ma’lumotlar ko’paygan.

Muvaqqat hukumatda hozir Moliya vaziri Temir Sariyev namoyishlar oldidan Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan uchrashgan va Kremldan Bakiyevga qarshi qo’zg’olon uchun “fotiha” olgan.

<!-- IMAGE -->

Rossiya Bakiyev rahbariyatidan norozi ekanini yashirmayotgan edi. Kreml Bakiyevni nafaqat siyosiy nayranglari, balki shaxsiyati uchun ham yoqtirmas edi, deydi Umurbek Tekebayev, muvaqqat hukumatda ikkinchi o’rinda o’tirgan siyosatchi.

“Bakiyev Rossiyadan kelayotgan moliyaviy yordamni o’marayotgani aniqlangach Kreml o’tgan fevral oyida bir tiyin ham uzatmaslikka qaror qilgan”, - deydi Tekebayev Amerika matbuotiga bergan intervyusida.

Bakiyevning oilasi Rossiyadan yonilg’ini arzon narxga olib, uni keyin mamlakat ichida qimmatga pullagani Kremlni g'azabga keltirgan, deydi u.

Rossiyada bir millionga yaqin qirg’izistonlik ishlab, vatanidagi oilasini boqadi. Ular yuborgan pul mamlakat iqtisodiyotining uchdan bir qismini, hukumat byudjetining esa yarmini tashkil etadi.

Kreml bu ishchi migrantlarni chiqarib yuborishi mumkinligi haqida ogohlantirib kelayotgan edi.

<!-- IMAGE -->

Almaz Atambayev deydiki, "Rossiya qirg'iz muhojirlarni orqaga qaytarmaydi deya kafolat bergan". Kreml, shuningdek, 150 million dollar yordam puli beradi.

Rossiya qo’zg’olonga aloqasi yo’qligini ta’kidlamoqda, ammo namoyishchilar qo’liga qurol qayerdan keldi degan savolga muxolifatda hozircha aniq javob yo’q.

“Namoyishchilar avtomatlarni militsiyadan tortib olgan deyilmoqda”,- deydi Erika Marat, bu borada izlanar ekan.

“Muxolifatning iddao qilishicha, olomon xavfsizlik kuchlarini do’pposlagan, qurol-aslahani qo’lga kiritgan. O’lganlarning, 100 ga yaqin odamning ko’pchiligini hukumat idoralari tomida o’tirgan snayperlar Qurmanbek Bakiyev yoki xavfsizlik kuchlari rahbari Janish Bakiyev buyrug’i bilan nishonga olgan”.

Ko’p narsa hali qorong’u, lekin Roza Otunbayeva uning rahbariyati xalqaro hamjamiyat tomonidan yaqindan quvvatlanishiga ishonch bildirmoqda.

Bugun u Yevropa Ittifoqi va BMT rasmiylari bilan muzokara olib borgan.

"Bakiyev qo’lga olingach, hammasi hal etiladi",- deydi u.

Uning kafolat berishicha, o’tgan hafta yuz bergan qonli voqealar tekshiriladi. Ilojsiz qolgan odamlarni ko’chaga olib chiqqan sabablar hozirdan ma’lum, deydi u, lekin bu omillarni isbotlash uchun sharoit yaratiladi.

XS
SM
MD
LG