Breaking News

Qirg'iziston beqarorligi - yirik davlatlar manfaatlariga tahdid (video)


<!-- IMAGE -->

Tahlilchilarning aytishicha, Qirg'izistondagi voqealar birdaniga uch yirik davlat - AQSh, Rossiya va Xitoy diqqatini o'ziga tortdi. Amerika va Rossiya mamlakatda turli maqsadlarni ko'zlayotgan harbiy bazalarga ega bo'lsa, Xitoy Qirg'izistonga qo'shni davlatdir.

Markaziy Osiyoni o'z manfaatlari doirasiga kiruvchi hudud deb hisoblovchi Rossiya Bishkek yaqinida AQSh bazasi borligidan noroziligini yashirmaydi.

AQSh va NATO bilan Afg'oniston bobida hamkorlikka rozi bo'lib, harbiy yuk va qurollarning o'z hududi orqali o'tishiga "yo'q" deya olmagan Kreml prezident Qurmanbek Bakiyev bilan ikki tomonlama muloqotda, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi yoki Shanxay Hamkorlik Tashkiloti guruhlari orqali Bishkekni amerikalik harbiylarni bazadan chiqarishga da'vat etib, hattoki pul ham va'da qilgan edi.

Biroq Bakiyev besh qo'lni og'ziga tiqishga harakat qilib, Rossiyadan pulning bir qismini ham oldi, AQSh bilan muzokara orqali "Manas" bazasi uchun ijara haqqini uch baravarga oshirib, amerikaliklarni ham qoldirdi.

<!-- IMAGE -->

Qirg'izistonda hokimiyat tepasiga kelgan muvaqqat hukumatning ayrim a'zolari Qo'shma Shtatlarni bazani saqlab qolish evaziga Bakiyev rejimining iqtisodiy jinoyatlariga ko'z yumganlikda ayblamoqda. Roza Otunbayevaning o'rinbosari Olmosbek Atambayev nazarida AQSh o'zi targ'ib qilayotgan tamoyillarga rioya qilmadi.

"Qo'shma Shtatlar demokratiya haqida dunyoga bong urayotgan bir paytda Amerika elchisi Bakiyev oilasi qilmishlarini yopishga harakat qildi. Shu bazani deb rejim ayrim muxolifatchilarni o'ldirib yubordi. Amerika buyuk davlatga xos bo'lmagan ishni qildi", - deydi Atambayev.

Mustaqil tahlilchi Tamerlan Ibragimovning aytishicha, qirg'izistonliklar AQSh va Rossiya bilan aloqalar ijobiy bo'lishini istaydi. Rossiyadagi avtoritar tuzumdan ko'ra Amerikaning ochiq demokratiyasiga ko'ngil qo'yganmiz, biroq iqtisodiy jihatdan xalq Rossiyaga tobe, deydi Ibragimov.

"Rossiyada ko'plab qirg'izistonlik mehnat muhojirlari ishlab, pulni vatandagi oilasiga yuboradi. Mamlakat uchun bu jiddiy iqtisodiy ko'mak. Shahar va qishloqlar farovonligi Rossiyada topilgan pulga bog'liq", - deydi mutaxassis.

Qirg'iziston bilan deyarli 900 kilometrlik chegaraga ega Xitoy ham iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. Qirg'iziston bozorlaridagi arzon mollarning aksariyati Xitoydan keltirilgan.

Qirg'iziston davlat universiteti professori Murod Suimbayevning aytishicha, Xitoy g'arbdagi Shinjon viloyatida yashovchi uyg'urlarning Qirg'izistondagi voqealardan ruhlanib, mustaqillik uchun kurashga berilishidan, ehtimoliy beqarorlikdan tashvishda.

"Qirg'izistondagi vaziyat xoh bevosita bo'lsin, xoh bilvosita, Shinjondagi uyg'ur bo'lginchilariga qo'l keladi. Shinjonda vaziyatni izdan chiqarishi osonlashadi", - deydi Suimbayev.

Tamerlan Ibragimov beqarorlikning Markaziy Osiyoga ham ta'siri bor, deydi.

"Mintaqaning o'zi beqaror. Bir tomonida Afg'oniston joylashgan, boshqa tarafida Eron. O'zbekistonda ham hammasi yaxshi deb bo'lmaydi. Shinjon hamisha Xitoy uchun bosh og'riq bo'lib kelgan. Xitoy mana shularning barchasini e'tiborga olishi lozim", - deydi qirg'izistonlik tahlilchi.

Mamlakatda tartib tiklanmasa, qonunlar yana ishlamasa, mutaxassislar Qirg'iziston terrorizm va diniy ekstremizm o'chog'i, qoradori tranzit nuqtasiga aylanishini bashorat qilmoqda. Muammoni hal etish esa Xitoy, AQSh va Rossiya manfaatlariga birday javob beradi.

XS
SM
MD
LG