Breaking News

Turk-Rossiya yaqinlashuvi Markaziy Osiyo uchun muhim


<!-- IMAGE -->

Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bugun Turkiyada prezident Abdulla Gul bilan uchrashgan.

Energetika va savdo kun tartibidagi asosiy mavzular ekan, qator shartnomalar imzolangan.

Tomonlar yaqin besh yilda o’zaro savdo aylanmasini 100 milliard dollarga oshirishni ko’zlamoqda.

Bundan tashqari, Turkiyadagi ilk atom zavodini qurishda Rossiya yordam va’da qilmoqda.

Shuningdek, Markaziy Osiyo gazini Rossiya va Turkiya orqali Yevropaga uzatishga doir Janubiy Oqim bitimi ham ko’rib chiqilmoqda. Tashrif, deydi siyosatchilar, aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Turkiyada yashayotgan o’zbekistonlik tahlilchi Muhiddin Abdurasulov "Rossiya-Turkiya aloqalarida ijobiy o'zgarish yaqqol ko'zga tashlanmoqda" deydi.

“Vaqt o’tgani sari, siyosat o’zgarib borar ekan – davlatlar o’rtasidagi muammolar ham unutilib, aloqalar yaxshi tomonga o’zgarib boradi. Bu normal",- deydi u.

O’tmish adovatini, sovuqchilikni esdan chiqarish vaqti keldi, deb hisoblaydi suhbatdoshimiz. Turkiya hukumati ham shu siyosatni tutmoqda. Qo’shnilari bilan, umuman, dunyo davlatlari bilan do’stona aloqada bo’lishga harakat qilmoqda.

"Ozmi-ko’pmi, bu muvaffaqiyatli kechmoqda, menimcha. Rossiya bilan ham kelishib ishlash tarafdori Turkiya rasmiylari. Ikki davlat bir-birining muhim iqtisodiy hamkorlaridir. Turizm, energetika, tabiiy gaz va boshqa sohalarni o’z ichiga oladi bu rishtalar. Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Turkiyaga gazni 10 foiz chegirma bilan sotishga rozi. Tomonlar yadro zavodlari qurish haqida gaplashmoqda. Rossiya-Turkiya o’rtasida viza tizimini olib tashlash muhokamada. Bu esa turizmni jonlantirishi aniq. Nazarimda, Bosh vazir Rajap Toyib Erdog’an boshliq hukumat to’g’ri siyosat olib bormoqda”.

Mana shu imzolanayotgan bitimlardan asosan kim manfaatdor, degan savolga Muhiddin Abdurasulov har ikki davlat, deb javob beradi.

“Har ikki taraf ham birday manfaatdor bu hamkorlikdan. Qaysidir ma’noda, balki Turkiyaning yutug’i, qiziqishi ko’proqdir. Chunki, Rossiya turklar uchun katta, muhim bir bozor. Anqara bu bozorga kirib borishni istaydi. Shuning uchun ikki davlat rasmiylari oliy darajada muvofiqlashtiruvchi kengash tuzdi – hamkorlik ko’lamini oshirish uchun”.

Turkiya-Rossiya aloqalri iliqlashar ekan, Anqaraning Kavkaz va Markaziy Osiyodagi siyosatida biror o’zgarish bo’ladi degan savol tug'ilishi mumkin. Tahlilchining aytishicha:

“Tilga olingan davlatlar Kreml-Anqara aloqalari iliqlashishidan zarar ko’radi deb o’ylamayman. Aksincha, foyda haqida gapirish mumkin. Turkiya ehtiyotkor davlat. Markaziy Osiyo yoki Kavkazdagi aloqalari, manfaatlariga biror ziyon yetishiga yo’l qo’ymaydi. Mening kuzatishlarim shu. Matbuot xabariga ko’ra, Rossiya va Turkiya rahbarlari muzokara davomida Qirg’izistondagi vaziyat xususida alohida gaplashib olmoqchi”.

XS
SM
MD
LG