Breaking News

Hujumlarning 4 ehtimoliy sababi - 2004-04-02


Hech kim O’zbekistonda bu hafta yuz bergan qonli voqealardan ajablanmasligi kerak, chunki bu mamlakatda besh mingdan ziyod siyosiy mahbus bor, qayta qurilmagan, sovetlardan qolgan diktatura hukmron, yulg’ichlik keng va iqtisodiyot qashshoq, deya yozadi asosi Britaniyada bo’lgan Financial Times gazetasi muharriri Quenteen Peel. Markaziy Osiyoda bir necha yil faoliyat ko’rsatib, yaqinda vatani Amerikaga qaytgan suhbatdoshimiz, Rhett Power ham yuqoridagi fikrga sherik.

R. Power: Menimcha, bu yerda to’rt ehtimoliy hol bor: birinchisi, bu voqealarni Karimov hukumati uyushtirgandir? Ikkinchisi, balki bu Karimov yuritayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat mahsulidir? Uchinchisi, balki bu voqeaga AQShning O’zbekistonda harbiy jihatdan mavjudligi sababdir? Yoki bu hujumlar tamoman chet eldan mo’ljallangan harakatlardir,- deydi O’zbekistonda AQShning Tinchlik Korpusi vakili sifatida, keyinchalik Markaziy Osiyo AQSh xalqaro yordam boshqarmasining dastur yurituvchisi vazifasida ishlagan Rhett Power.

NI: Powerga ko’ra, mamlakatda xalqning iqtisodiy tomondan qiyin ahvolda ekani ko’p savollarga javob. Suhbatdoshimiz, shuningdek, O’zbekistonda kishilarning siyosiy jihatdan qanchalik faol ekani ham bu yerda bir omil, deydi. O’zbekiston fuqarolari siyosiy jihatdan faol deb o’ylabsizmi?

Power: Xalqning tashqi dunyodagi ba’zi demokratik o’zgarishlardan ilhomlanayotgani haqida shubha qilmayman. 1999 yildagi portlashlardan keyin odamlar tinch, xotirjam hayot qadrini bilishdi va Karimov ularga shuni berdi. Ammo, o’sha voqealardan keyin hukumatning dindorlarni, siyosiy muxolifatni ta’qib ostiga olgani ham kishilarni o’ylantirgan bo’lsa, ajabmas. Odamlar Karimov rahbariyatining kim ekanligini, uning siyosati qanday ekanini ko’rishdi. Fikrimcha, xalqning umidi puchga chiqdi. O’zbekistondalik paytimda odamlar siyosat haqida gapirishardi, ammo juda qo’rqib, atrofga qarab, xavfsirab...ovozlarini pasaytirib... ochiqchasiga hech kim gapira olmasdi. Menimcha, odamlar mamlakatdagi vaziyat haqida nimadir qilish kerakligini bilishardi, ammo kim ham bir narsa ayta olar edi. Ayta olganlarining esa ahvoli voy, o’zlarining, yaqinlarining hayoti xavf ostida qolardi.

NI: O’zbekistondagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, shu kunlarda yuz bergan va berayotgan hodisalar ham xalq hayotini oson qilmaydi, shunday emasmi?

Power: Karimov -99 yildan keyin olib borgan ta’qibini yana qo’llaydi, deb xavotirdaman. O’zbekiston Markaziy Osiyo iqtisodiyotida asosiy rol o’ynovchi davlat. Agar O’zbekiston iqtisodiy yutuqqa erishsa, Markaziy Osiyoda ham iqtisodiy o’sish bo’ladi. Agar Karimov chegaralarni yoptirsa, masalan, avval Qirg’iziston, Tojikiston bilan chegaralarni yoptirgandek, unda butun mintaqa iqtisodi juda salbiylashadi.

Power: O’zbekistonni, uning xalqini, madaniyatini, tarixini sevaman, deydi Rhett Power. Menimcha, xalq bu qiyinchiliklarni yengadi. Iqtisodiy yutuqlar bo’ladi va mamlakatda erkinlik rivoj topadi, dey hisoblayman.

NI: Erkinlik haqida gap ketarkan, AQSh hukumati O’zbekistonda erkin jamiyat yaratilishiga umid qilamiz, deydi. Mamlakatingizning O’zbekistonga nisbatan olib borayotgan siyosatini quvvatlaysizmi?

Power: AQSh siyosati, fikrimcha, O’zbekistonni nozik ahvolga solib qo’ymoqda. Afg’onistonda Tolibon hukmronligiga barham berish uchun bu hamkorlik muhim rol o’ynadi. Lekin, bu hamkorlik O’zbekistonni terroristlar tomonidan nishonga olinishi uchun zamin yaratayotgan omillardan biri bo’lishi mumkin. Chunki, O’zbekistonga kirib-chiqish unchalik qattiq nazorat qilinmaydi, tog’li mintaqa, qo’shni davlatlar doim ham do’stona munosabatda emas. Buning ustiga, ishsizlik keng, umidsizlik keng... bu vaziyat ektremizmning rivoj topishi, kengayishi uchun qulay muhit yaratadi. Shu nuqtai-nazardan, men AQShning O’zbekistonga nisbatan hozirgi siyosatini ma’qullamayman.

NI: Lekin, boshqa tarafdan, terrorizmga qarshi hamkorlik uchun AQSh O’zbekistonga yuzlab million yordam puli beryapti.

Power: To’g’ri, bu yomon emas, ammo bu moliyaviy yordamni O’zbekistonga Amerika busiz ham bergan bo’lmasmidi? Terrorga qarshi urushdan avval AQShning mintaqaga yordami kengayayotgan edi. Tinchlik Korpusi kengayayotgan edi, AQSh xalqaro yordam boshqarmasining dasturlari kengayayotgan edi. Yevropa Markaziy Osiyoga e’tiborini kuchaytirayotgan edi. Menimcha, O’zbekistonga chetdan yordam, terrorga qarshi kurashga qaramasdan ham, berilgan bo’lardi.

NI: Rhett Power hozirda Habitat for Humanity, ya’ni Insoniyat uchun Hayot, deb ataluvchi xalqaro tashkilotda faoliyat ko’rsatadi.

XS
SM
MD
LG