Breaking News

AQSh O'zbekistonga moliyaviy yordamini qirqdi - 2004-07-13


AQSh davlat kotibi Kolin Povell inson huquqlari ahvoli borasida O'zbekistonga beriladigan sertifikatni tasdiqlamadi va Amerika hukumati bu mamlakatga beriladigan moliyaviy yordamning 18 million dollarini qirqishga qaror qildi.

O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq ahvol ijobiylashmayotgani sabab AQSh 90 million dollarlik yordamni bermasdan ushlab turibdi. Inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch tashkilotiga ko'ra, O'zbekistonda vaziyat yaxshilanmayapti, ammo ba'zi boshqa tashkilotlar mamlakatda asta sekin o'zgarishlar bo'lmoqda, degan fikrda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng repressiv deb qaralayotgan O’zbekiston hukumati Prezident Islom Karimov boshchiligida inson huquqlari ahvolini tuzatishga so'z bergan. Karimov terrorizm va ekstrimizmga qarshi kurashda zarur bo'lgan uskunalarni yangilash uchun AQShdan 90 million dollarlik yordam kutmoqda.

Human Rights Watch tashkilotining O’zbekistondagi vakili Allison Gill, O’zbekistonda inson huquqlari dahshatli ahvolda va vaz’iyat kun sayin salbiylashib bormoqda, deydi.

“Bu mamlakatda shu yil saylov bo’ladi, ammo muxolifatchi partiyadan hech biri ro’yxatdan o’tkazilmadi. Hukumat o’tgan yili inson huquqlari bo'yicha mustaqil tashkilotlarning arizalariga qaramay, turli bahonalar bilan ularning ro’yxatdan o’tishiga to’sqinlik qildi. Hukumatda o’zgarish bo'lishini talab qilib va o’z talablarini ochiq aytib qilingan tinch namoyishlar ko'pincha buziladi... ”

Alisson Gillga ko'ra, Qo’shma Shtatlar, O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli ko’zga ko’rinarli darajada yaxshilanmadi, degan qarorga kelishi kerak va uni moliyaviy yordamga noloyiq, deb topishi darkor.

O’zekiston tashqi ishlar vazirligi masala yuzasidan savollarga javob berishdan bosh tortadi.

Markazi AQShda joylashgan Freedom House, ya'ni Ozodlik Uyi deb ataluvchi tashkilot direktori Mjusa Sever Human Right Watch guruhining tanqidiga qo’shilmaydi. "Men bu fikrga qo’shilmayman. Menimcha, vaziyat yaxshilanmoqda. Bular juda kichik qadamlar lekin turli sohalarda o’zgarish bo'lmoqda. Yetti oydan beri bu yerdaman va ana shu davr ichida katta yangiliklar bolayotganini ko'ryapmiz. Mentalitetni bir kunda o’zgartirib bo'lmaydi."

Mjusa Sever O’zbekiston hukumati o'tgan yili inson huquqlari bo'yicha birinchi mustaqil tashkilotni ro’yxatdan o’tkazdi va tsenzurani bekor qildi, deydi.

Sever xonim Gurjistonda ro’y bergan o’zgarishlar O’zbekiston hukumatini ancha o'ylantirib qo'yganini tan oladi. Unga ko'ra, O'zbekistonda hukumat ham, xalq ham demokratik o'zgarishlar oldida qiynalamoqda.

“Xalq ham mas’uliyatni o'z zimmasiga olishga o’rgangan emas. Demokratik tizim nafaqat erkinlik balki mas'uliyat ham demakdir. Menimcha, demokratiyaning bu tomoni ham o’rganilishi, tashviq qilinishi lozim,” deb ta'kidlaydi Freedom House vakili.

AQSh davlat departamenti o'z homiyligida, ikki yildirki, Toshkentdagi bir oliygohda yosh advokatlarni yetishtirish dasturini yuritadi. Lekin inson huquqlari fa’ollari, ushbu o’quv dargohida ta’lim olayotganlar hukumat siyosatiga hali veri ta’sir o’tkaza olmaydilar, deyishadi.

O’zbekistonda diniy erkinlikni yaxshilash borasida hukumat bilan yaqindan ishlayotgan peshvo Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, rahbariyat ba'zi diniy faoliyatlarni tazyiq ostiga olib, xato qildi, lekin boshqaruv yangilik qilishga urinmoqda, deya qayd etadi.

Sobiq mufti ham, inson huquqlari faoli Allison Gill singari, O’zbekiston hukumati hozirgacha g'arb talabini va qolaversa oddiy ozbekistonliklar talabini qondiradigan darajada harakat qilgani yo'q, deydi.

XS
SM
MD
LG