AQSh tarixidagi 109-Kongres o'z ishini boshlash arafasida turibdi.
Bu safar parlamentda Respublikachilarning hukmronlik qilishi aniq. Siyosiy tahlilchilarning fikricha, yangi sessiya siyosiy ziddiyat va bahslarga boy bo'ladi.
Kongres oldida ijtimoiy xavfsizlikni isloh qilish, Oliy Sud a'zolarini tayinlash va soliq kodeksi bilan bog'liq murakkab masalallar turibdi.
Amerika Biznes Instituti tadqiqotchisi Jo'n Fortierning nazarida, Prezident Bush uchun ikkinchi muddat yengil kechmaydi. Bushning kuchli qarshiliklarga uchrashi tayin, deydi u:
"Bush saylovda sezilarli darajada yuqori ovoz oldi. Kongresda uning safdoshlari ko'paydi, ammo u yerdagi Demokratlar soni ham kam emas. Bush ham Vakillar Palatasidagi, ham Senatdagi Respublikachilar bilan birdam bo'lishi lozim. Ba'zida, Kongres, mustaqil organ sifatida, ish ko'rishni ma'qul ko'radi. Davlat xarajatini kamaytirishni istagan, Bush bilan immigratsiya masalasida kelisholmaydigan Respublikachilar chiqishi mumkin."
Prezident Bush fuqarolarga nafaqa va ijtimoiy yordam berish tizimini isloh qilmoqchi. Hukumat tomonidan boshqariladigan bu dastur ususiylashtirilishi lozim, deydi u. Lekin bu taklif xalqqa ikki trillion dollarga tushishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, bu AQSh byudjetidagi kamomad miqdorini yanada oshiradi.
Demokratik Partiya uchun ijtimoiy yordam - eng zarur tizimlardan biri. Shu bois, ko'pchilik Demokratlar Bushning taklifiga qarshilik bildirmoqda.
Brukings siyosiy tadqiqotlar instituti xodimi Allen Shik, Bushning bu boradagi rejasi ancha munozaraga sabab bo'ladi va ma'qullanishi qiyin kechadi, deydi:
"Ijtimoiy yordam tizimining xususiylashishiga qarshi tomonlar, yirik lobbiychilar, o'zlarining jamoat reklamalari bilan Bushga qarshi kampaniya boshlash arafasida. Bush maqsadini mamlakat xalqiga batafsil tushuntirishi lozim. U xalq roziligini ololmas ekan, Kongresda hech narsaga erisha olmaydi."
Prezident Bush yaqinda o'z kampaniyasini boshlaydi. Senatdagi boshqa bir dolzarb masala: Oliy Sudyalarni tayinlash. Amaldagi sudyalardan biri rak kasalligi bilan kurashmoqda va iste'foga chiqishi mumkin.
Tadqiqotchi Shikning fikricha, Demokrat senatorlar Bush ko'rsatgan konservativ toifadagi nomzodlarning tayinlanmasligi uchun kurashga otlanmoqda:
"Sud - AQSh qonunchiligini yaratuvchi idora. Ular nafaqat mojarolarga chek qo'yishadi, balki jamiyatni o'zgartirish qudratiga ega. Demokratlar o'tgan 20 yil ichida qabul qilingan qonunlarning Respublikachi Oliy Sud tomonidan o'zgartirilishini istashmaydi."
Bush bu to'rt yillikda daromad solig'ini isloh qilish, tibbiy xatolar ustidan ochiladigan sud ishlarini cheklash va Alyaskada neft qidiruvini yo'lga qo'yishni mo’ljallagan. Lekin, deydi tahlilchi Fortier, prezidentlar, odatda, ikkinchi muddatda o'zlarining ko'p rejalariga erisha olmaydilar.
"Ikkinchi muddatda, prezidentning partiyasi uni uncha quvvatlamay qo'yadi; muxolifatning qarshiligi kuchayadi. Ikkinchi muddat o'z yakuniga yaqinlashar ekan, hamma, prezidentning yaqinda ketishi aniqligini anglab, uncha ko'p yelib-yugurmaydi. Kongres ham unga shunday munosabatda bo'ladi."
Natijada, har ikki yilda yangilanuvchi Vakillar Palatasidagi ba'zi qonun chiqaruvchilar prezidentga qarshi chiqib, siyosiy manfaatlarini kengaytiradilar.
Siyosiy tahlilchilar nazarida, bu muddatda Bushning to'rt yil emas, aniqrog'i, ikki yilcha vaqti bor.