Breaking News

Bush tsunami jabrdiydalari uchun Kongressdan 950 million dollar so'ramoqda


Prezident Jorj Bush janubi-sharqiy Osiyoda 2004 yilning 26 dekabrida sodir bo'lgan dengiz to'fonlari natijasida jabr ko'rganlarga ko'rsatilayotgan insonparvarlik yordamini kuchaytirish maqsadida AQSh Kongressidan 950 million dollar pul ajratishni so'rayapti.

Hozirgacha AQSh hukumati tsunami jabrdiydalari uchun 350 million dollar va'da qilgan edi. "Bunga yana yana 600 million dollar qo'shishni istaymiz," - deya ta'kidlaydi Bush.

Mazkur mablag'ning uchdan bir qismi tsunami vayron qilgan mintaqani qayta tiklash uchun ishlatiladi. Boshqa bir qismi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi va Mudofaa vazirligining, zarar ko'rgan davlatlar uchun hozirgacha sarflagan pulining o'rniga qo'yiladi. Qolgani esa jabrdiydalarga va tsunami haqida ogohlantiruvchi sistemalar o'rnatilishi uchun beriladi.

Amerika mulozimlari nazarida bu, tarixda AQSh hukumati tomonidan berilayotgan eng katta hajmdagi insonparvarlik yordamidir.

AQSh xususiy sektori hozirgacha tsunami jabrdiydalari uchun 700 million dollarga yaqin mablag' ajratdi.

XS
SM
MD
LG