Breaking News

Amerikaliklar, tsunami jabrdiydalariga, millionlab dollarlik moliyaviy yordam berishmoqda


Janubi-sharqiy Osiyodagi tabiiy ofat qoldirgan dahshatli manzara televizor ekranida qayta-qayta jonlanar ekan, Amerikadagi yirik kompaniyalar, minglab fuqarolar, tsunami, ya'ni qudratli to'lqinlardan zarar ko'rgan kishilarga yordam berishga intilmoqdalar.

Telefon, pochta va ayniqsa, Internet orqali millionlab dollar pul jo'natilyapti. 2004 yilning 26 dekabri kuni sodir bo'lgan okean-osti zilzilasidan beri, deya bildiradi AQSh Qizil xoch jamiyati, tashkilotning elektron sahifasi yordamida, 25 mingga yaqin kishi 20 million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko’rsatgan. Qizil xoch jamiyati vakili Po'l Kardenning ta'kidlashicha, pul berish eng zarur va ma’qul yordamdir:

"Bugun berilgan bir dollar shu kun kechgacha biror jabrdiydaga yordam qiladi."

Nyu Jersi shtatilik ruhoniy Emanuel Nosir, Hindiston va Shri Lanka bo'ylab, 15 yildan beri insonparvarlik ishlari bilan shug'ullanib keladi.

"Eng yaxshisi pul jo'natish," deydi u. "Jabrdiydalar uni, o'zlariga zarur narsa uchun sarflashadi."

Internet bu borada eng foydali va muhim texnik vositaga aylangan. Katta-yu-kichik hayriya tashkilotlari, qolaversa, Internet orqali savdo qiluvchi kompaniyalar, shu jumladan Amazon shirkati, tsunami qaqshatgan aholiga yordam qo'lini cho'zishga ahd qilgan kishilardan millionlab dollarda pul to'plamoqda.

Internet kompaniyalarining ko'pi odamlardan tushgan pulni to'g'ridan- to'g'ri hayriya va insonparvarlik tashkilotlariga jo'natish tizimini yo'lga qo’yishgan.

Coca-Cola va Pepsi kabi xalqaro kompaniyalar tsunami ofatini boshdan kechirgan mintaqaga ichimlik suvi jo'natmoqda.

Dori-darmon ishlab chiqaruvchi qator birlashmalar ham moddiy, ham moliyaviy yordam qilishga bel bog'lashgan. Pfizer kompaniyasi 10 million dollar pul ajratdi va 25 million dollarga arzigulik dori-darmon mahsulotlari jo'natdi.

Amerikadagi ko'plab kasalxonalar ortiqcha dori va tibbiy materaillarni hadya qilishmoqda.

"Ularga antibiotiklar, bir martalik qo'lqoplar va boshqa turli-tuman narsalar kerak. Axlat soladigan idishlar, xullas, ofatdan qolgan vayronani tozalashda zarur materiallar kerak bo'ladi," deydi shifokor Tonya Beyker.

AQSh kino sanoati markazi - Gollivudda hayriya yig'ish ishlari boshlangan. Karate ustasi, aktyor Jeki Chan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamg'armasiga 64 ming dollar hadya qildi.

Yaqinda Osiyo bo'ylab konsertlar bergan Linkin Park rok-n-rol guruhi, jabrdiydalarga, 100 ming dollar berdi.

BMT mulozimlarining hisoblariga ko'ra, Hind Okeani mamlakatlarini urgan tsunami bir necha milliard dollarlik zarar keltirgan. Mintaqani tiklash juda qimmatga tushadi va uzoq vaqt oladi, deyishadi ular. Tashkilot, xalqaro yordam puli yaqin kelajakda to'htab qolmaydi, deb umid bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG