Milliarder ishbilarmon Xovard X’yuz biografiyasi asosidagi “Aviator” filmi Oskarga 11 yo’nalish bo’yicha ko'rsatilgan. “Eng yaxshi kartina”, “Eng yaxshi rejissyor” va “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyalari ana shular jumlasidandir.
”Piter Pen” hikoyasi muallifi Jeyms Barri haqidagi “Neverlendni izlab” hamda bokschi ayolning boshdan kechirganlarini aks ettirgan “Million dollarlik jonon” filmlari ham Oskarning “Eng yaxshi film” unvoni uchun da’vogar asarlardir.
Bu kategoriyada g’alaba qozonishni ko'zlayotgan yana ikki kartina –“Taqdir yo’li” va AQShning mashhur musiqachilaridan biri Rey Charlz hayoti haqidagi “Rey” filmidir.
”Eng yaxshi aktyor” yo’nalishidagi sovringa asosiy da’vogar - Rey Charlz obrazini ijro etgan va “Mulk garovi” filmidagi ikkinchi darajali roli uchun ko’rsatilgan Jeymi Foksdir. ”Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida “Ruanda Oteli” filmi uchun Don Chidl, "Neverlendni izlab" filmidagi roli uchun Jonni Depp hamda “Million dollarlik jonon” filmida bosh rolni ijro etgan Klint Istvudlarning nomlari ham bor.
Oskarning ”Eng yaxshi aktrisa” yo’nalishi bo'yicha, 1999 yildagi kabi, “Juliya bo’lib” filmida bosh rolni o’ynagan Anet Bening hamda “Million dollarlik jonon” filmidagi Xilari Svonk o’rtasida qizg’in musobga kechmoqda. Olti yil burun “Yigitlar yosh to’kmaydi” filmidagi roli uchun Svonk bosh sovrinni Beningdan olib ketgan edi.
”Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasidagi da’vogarlar ro’yxatidan “Vera Dreyk”dagi roli uchun Imelda Stonton, “Beg’ubor insonning so’nmas quyoshi”dagi aktrisa Keyt Vinslet hamda “Bag’rikeng Mariya” rolini o’ynagan Katalina Sandino Morenolar ham joy olganlar.