Breaking News

Vodorodda yuradigan mashinalarga qiziqish ortmoqda


Vodorod benzinni o’rnini bosa oladigan yonilg’i hisoblanadi. Uni istalgan narsadan ishlab chiqarish mumkin. Vodorodning ishlatilishi oqibatida tutun emas, suv hosil bo’ladi.

AQSh vodorod uyushmasi matbuot kotibi Patrik Serfasning aytishicha, vodorodga o’tish ehtiyojining uch sababi bor: "Import yonilg’iga nisbatan ehtiyojni kamaytirish, atrof-muhitni asrash va iqtisodiy o’sish."

Shell kompaniyasi AQShning sharqiy sohili bo’ylab vodorod trassasini barpo etish bo’yicha ish boshlagan. Mana bu vodorod quyish shoxobchasi poytaxt Vashingtonda o’tgan noyabr oyida ochildi.

"Bu chakana savdo do’koniga biriktirilgan ilk vodorod markazidir. Ko’rib turganingizdek, orqamizda bir nechta benzin va bitta vodorod kolonkasi turibdi,"- deydi shoxobchaning xavfsizlik bo’yicha menejeri Rik Skot.

Suyuq vodorod, qizishidan oldin, Tselsiy bo’yicha minus 97 darajada saqlanadi. "Harorat oshib borar ekan, biz vodoroddan gazni olib, tsilindrlarda saqlaymiz,"-deydi janob Skot. "Keyin o’sha gazni yonilg’i sifatida ishlatamiz."

Bu shoxobcha General Motors kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va vodorodda yuradigan oltita mashinaga xizmat qiladi. Bu mashinalar, asosan, ko’rgazma uchun ishlangan. Maqsad – jamoatchilikka va mutasaddi rahbarlarga vodorodning ustunligini namoyish etish.

"Bu Opel Zafira mashinasi. Evropada chiqarilgan. Yonilg’i sifatida benzin emas, vodorodni ishlatadi,"-deya ko'rsatadi kompaniya muhandisi Erik Raske. "Natijada kimyoviy reaktsiya hosil bo’ladi, ya’ni vodorod kislorod bilan aralashib suv hamda elektroenergiya ajratadi. Elektroenergiya o’z navbatida elektrodvigatelni harakatga keltiradi. Bu odatdagi ichki yonish dvigatelidan farqli o’laroq, elektromashinadir."

Raskening aytishicha, bu mashinaning uzatmalar korobkasi yo’q. "Tabiiyki, korobkani harakatga keltiradigan hech qanday moslamasi ham yo’q. Ishlatish oson. Xuddi, to’rt holatga tushadigan elektrik mashinaga o’hshaydi - oldiga, orqaga, joyida va neytral holatda,"-deydi u.

Mashinaning yurishi yaxshi. Biroq tezlikni sekin oshiradi – 100 kmga 16 sekunddan keyingina chiqadi. Biroq bir necha daqiqa haydagach, eksperimental mashinada yurganingizni yoddan chiqarasiz.

Vodorodni yonilg’i o’rnida ishlatish texnologiyasi hali o’zining ilk pallasida. Mashinani yonilg’i bilan to’ldirishga o'rtacha 10 daqiqa sarflaysiz.

"Bu texnologiya bilan insonlar yuz yildan beri tanish bo’lishlariga qaramay, amaliyotga u so’nggi 60 yil ichida kirib keldi, xolos,"-deydi janob Raske. "Biroq so’nggi bir necha yil ichida undan foydalanish darajasi ancha ko’tarildi."

Prezident Bush yonilg’ining muqobil turlarini topish uchun nir milliard dollarga yaqin pul ajratishga va’da bergan. Biroq, bu pul kamlik qilishi mumkin. Mablag’ning qolgani avtomobil ishlab chiqaruvchi va neft kompaniyalaridan kelishi mumkin.

AQSh vodorod uyushmasi so'zlovchisi Patrik Srefassning bildirishicha, energetika kompaniyalari boshqa kompaniyalar singari izlanishlarga anchagina pul ajratmoqda. "Ularning ayrimlari aynan vodorodning yonilg’i xosiyatlarini o’rganish uchun ancha sarmoya qilgan,"-deydi u.

Vodorodni ishlatishdagi asosiy muammo – uning taqsimlanishidir, ya’ni butunlay yangi ta’minot tarmog’ini tuzish kerak.

"Vodorodni ishlab chiqarishni benzinga o’hshab markazlashtirish va tsisternalarda butun mamlakat bo’ylab tashish shart emas. Uni shundoqqina o’zingizning garajingizda yoki ishxonangizda kichik hajmda chiqarishingiz mumkin. Hattoki, o’z mahallangiz uchun vodorod ishlab chiqaradigan alohida shoxobcha ochib qo’yishingiz mumkin,"-deydi janob Serfass.

Vodorod shoxobchalarida esa yonilg'ining yangi turiga qiziqqan haydovchilar ko'p. Ular iste’molchilarga xos savollar berishadi: vodorodning narxi qancha? Mashinani qachon sotib olsa bo’ladi? Mashinani narxi qancha bo’ladi?

General Motors kompaniyasi muhandisining aytishicha, "2010 yilga qadar General Motors ulkan avtomobillar parkiga ega bo’lishni mo’ljallamoqda,"-deydi kompaniya muhandisi Erik Raske.

Vodorod uyushmasi vakili esa, "Balki, shundan keyin 2020 yilga borib, bu kabi mashinalar sotuvga ham qo’yilar,"-deya bildiradi.

Vodorodning bir kilogrammi 2 dollar turadi. Bir kilogramm vodorod 4 litrga teng benzin yonilg’isini beradi. Mana bu eksperimental mashinaning bahosi bir million dollar turadi, biroq ishlab chiqarilgan mashinalarning soni oshishi bilan narxi ham pasayadi.

Vodorod iqtisodiyoti vujudga kelguncha, ancha-muncha qiyinchiliklardan o’tish kerak bo’ladi. Ayrim kishilar kelajakni aynan mana shu modda bilan bog’lamoqdalar.

AQSh vodorod uyushmasi so'zlovchisi Patrik Serfass "Muvaffaqiyatimiz yo’lida g’ov boladigan birorta sabab ko’rmayapmiz,"-deydi.

XS
SM
MD
LG