Breaking News

Nizomiyning “Xamsa”si AQShda sahnalashtirildi


Merilend shtatining Shiverli shahrida o’zbekistonliklarga yaxshi tanish Lorel Grey amerikaliklarning diqqatini Islom madaniyatiga qaratish va dunyo qarashini yanada kengaytirish maqsadida buyuk Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviyning “Xaft Paykar”, ya’ni “Etti go’zal” asarini sahnalashtirib, uni ilk bor tomoshabinlarga havola etdi.

Turli xalqlar, dinlar va millatlar orasidagi qobig’ni va chegarani olib tashlashda san’atning roli beqiyos. Amerikada Islom dinini anglash haftaligi yakunlanar ekan, amerikaliklar sharq va islom dunyosi va madaniyatini anglash va qadrlashni o’rganish uchun yana bir imkoniyatga ega bo’ldilar. Ko’p yillar Islom san’atini, va xususan raqs san’atini chuqur o’rgangan, va shu jumladan O’zbekistonda ham bir necha marta bo’lib, o’zbek raqs sirlarini ijro etishni mohirona uddalagan Lorel Grey xonim ko’p yillar davomida olgan saboqlarini ishga soldi.

“Xamsa” dostonining to’rtinchi bo’limi “Xaft Paykar” 1196 yil yozilgan bo’lib, unda Sosoniylar sulolasining ko’zga ko’ringan shohlaridan biri Bahrom Go’r va uning yetti malikasi haqida hikoya qilinadi. “Xaft Paykar” Alisher Navoiy “Xamsa”sidagi “Sabba’i Sayyor”, ya’ni “Yetti sayyora” dostoniga juda o’xshash.

20 nafardan ziyod raqqosa ijrosida sahnalashtirilgan bu asar go’zal musiqa, rang-barang kiyimlar, ulardan taralayotgan va tomoshabinga baxsh etilayotgan sirli hissiyotlarga boy.

Lorel Greyning aytishicha, “Haft Paykar”ni sahnalashtirish g’oyasini unga bir necha yil burun Qizlarxon Do’stmuhammedova bergan. Taniqli raqqosaning maslahatiga ko’nib, Grey xonim Nizomiyning asarini qo’lga oladi. O’qigan sayin, dostonni sahnalashtirishga ishtiyoqi oshib boraveradi. Va nihoyat uning uddasidan chiqdi. Hozirda “Buyuk Ipak Yo’li” kompaniyasining direktori Grey xonim asardan boshqa maqsadni ham ko’zlagan.

“Umid qilamanki, tomoshabin asarda islom dunyosi va madaniyatining xilma-xilligini ko’radi,” deydi u. “Chunki Amerikada stereotiplar ko’p. Biz boshqa madaniyatlarni yaxshi anglab yetmaymiz. Men odamlar bu musiqiy asar orqali turli madaniyatlarning mukammalligini, go’zalligini, ularga xos she’riyatni hamda Nizomiyning dostoni orqali ayrim metafizik saboqlarni olishadi, deb o’ylayman.”

Yetti malika orasida Xorazm malikasi ham bor. Uni sahnada besh yildan beri Grey xonim bilan yonma-yon “Buyuk Ipak Yo’li” raqs kompaniyasida ishlayotgan va Qizlarxon Do’stmuhammedova va Qodir Mo’minovni o’z ustozlari deb bilgan, amerikalik Cindi Rayan ijro etadi.

“Sahnada men so’nggi besh yil ichida o’rgangan hunarimni namoyish etaman,” deydi Sindi. “Uning ichida folklor ham, klassik yo’nalishlar ham bor. Bundan tashqari raqsimiz orqali biz tomoshabinga hikoya aytamiz. Bularning barchasini sahnada ko’rishga o’zim ham oshiqib ketyapman.”

Asarning chuqur falsafiy ma’nosi bor. Bahrom Go’r yetti malikaga uylanadi. Yetti kun davomida ularga atab qurdirgan saroyiga birma-bir kirib, ularning hikoyalarini tinglaydi. Yetti saroy yetti xil rangda. Bahrom Go’r har safar saroy rangiga mos kiyinib keladi. Ranglar esa o’z navbatida hafta kuni va shu kunga homiylik qiladigan sayyoralarga to’gri kelib, ma’lum bir ma’no va ramzlarni ifoda etadi.

Bahrom Go’rning tashriflari shanba kuni qora saroydan boshlanib, kelasi juma kuni oq saroyda o’z nihoyasiga yetadi. Buning falsafiy ma’nosi shundaki, Bahrom Shoh o’z yo’lini qora rangdan, tubanlikdan boshlab, oq rangga, ya’ni yorug’lik, ilmga intiladi. Bu o’sha paytlarda ko’p shoirlar o’z she’rlarini bag’ishlagan adolatli shohning mukammalik, odillik, iymon, sof muxabbat va sabr-toqat yo’lidagi intilishini ko’rsatadi.

Tomoshabinlardan biri bo’lmish Amerika Jamoatchilik radiosi vakili Flon Vilyamsning aytishicha, turli madaniyatlarni bir sahnadan turib namoyish etishning o’zida katta ma’no bor.

“Qadimgi asar bo’lmish “Yetti go’zal”ni sahnalashtirish orqali turli madaniyatlarning qirralari ochilib berilyapti. Uni biz kabi yangi tomoshabinlarga ko’rsatish juda soz ishdir,” deydi u.

Boshqa bir tomoshabin notijorat raqs tashkilotining direktori Viktoriya Moss asarning judayam mohirona sahnalashtirilganligini ta’kidlab o’tdi.

“Kostyumlar chiroyli, musiqa kishini o’ziga rom qiladi. Umuman Buyuk Ipak Yo’li mavzusi yaxshi ifoda etilgan. Musiqiy jihatdan ham, harakatlar jihatidan ham. Lekin shu paytning o’zida har bir raqsning beqiyosligi ham saqlanib qolgan.”

Raqsdan so’ng raqqosalar ham o’z fikrlari bilan bo’lishdilar. Turk malikasini ijor etgan Demet Jabbar o’z namoyishidan mamnunligini aytib o’tdi. “So’nggi bir necha hafta davomida tinimsiz tayyorlandik,” deydi u.

Sema Muslu esa Lorel Greyning professional fazilatlariga yuqori baho berdi: “Lorel bilan ishlash juda maroqli. U kishini ilhomlantiradi. Samarasidan xursandman.”

XS
SM
MD
LG