Dunyo ahli Afg'onistondagi xurujni qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Portlash yuz bergan hudud

Dunyo ahli 31-may kuni Afg'oniston poytaxtida kamida 90 kishining hayotiga zomin bo'lgan portlashni qoralamoqda. Halok bo'lganlarning aksariyati tinch aholi vakillari, yuzlab odam yaralangan.

Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan telefon orqali suhbatda AQSh Prezidenti Donald Tramp hujumni qoralab, terrorchilarni "barcha madaniy xalqlarning dushmani bo'lgan yovvoyilar" deb atadi.

BMT Bosh kotibi xuruj ortida turganlar topilishi va jazoga tortilishi kerak, dedi. Yaralanganlar orasida 11 nafar amerikalik bor.

Portlash yuz bergan hududda quyuq qora tutun ko'tarilmoqda, Kobul, Afg'oniston, 31-may, 2017-yil
Portlash yuz bergan hududda quyuq qora tutun ko'tarilmoqda, Kobul, Afg'oniston, 31-may, 2017-yil

Haqqoniy tarmog'i ayblanmoqda

Hujum uchun mas'uliyatni hech kim zimmasiga olgani yo'q. Tolibon unga aloqasi yo'qligini bildirgan. Afg'oniston razvedkasi ma'lumotlariga ko'ra, portlashni Positon razvedkasiga aloqador Haqqoniy tarmog'i amalga oshirgan bo'lishi mumkin.

Indiana universiteti professori Nazif Shahroniyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, fojeaning yuz berishi ajablanarli hol emas.

"Bu narsa hukumatning xavfsizlikni nazorat qila olmayotganini ko'rsatadi. Hukumat xavfsizlik kuchlari ichiga terrorchi tashkilot vakillari kirib olgan bo'lishi ham mumkin. Fojeali, lekin ajablanarli emas. Hukumat bu haqda hech narsa qila olmasligi yanada fojealiroqdir", - deydi u.

Yetkazilgan zarar

Portlash Kobuldagi Germaniya elchixonasi yaqinida ro'y bergan. Diplomatik vakolatxonaning bir qismi vayron bo'lgan. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Sigmar Gabrielning aytishicha, elchixonadagi bir afg'on qo'riqchisi halok bo'lgan, bir necha xodim yaralangan.

Fransiya, Turkiya va Eron elchixonalari binolari ham zarar ko'rgan.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, portlash oqibatida ikki yaponiyalik jarohat olgan va elchixona binosiga oz miqdorda shikast yetgan.

Germaniya elchixonasining oldi, Kobul, Afg'oniston, 31-may, 2017-yil
Germaniya elchixonasining oldi, Kobul, Afg'oniston, 31-may, 2017-yil

BMTning Afg'onistondagi Yordam missiyasi xurujning, ayniqsa, Ramazon oyida amalga oshirilishini "ma'nan yuztubanlik" deb atadi.

Afg'onistondagi AQSh kuchlari qo'mondoni general Jozef Jon Nikolsonning aytishicha, AQSh tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgan 98 guruhning 20 tasi Afg'oniston va Pokiston sahnasida faoliyat yuritadi.

Generalga ko'ra, 2016-yilning oxiriga kelib Afg'oniston aholisining 64 foizi afg'on kuchlari nazoratiga o'tgan; 10 foizdan ozrog'i Tolibon boshqaruvida qolmoqda. Ammo o'tgan yili toliblar egallab olgan hududlar hajmi biroz kengaygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG