Breaking News

Jenevada Afg'oniston bo'yicha anjuman o'tkazildi


Jenevadagi anjuman, Shveysariya, 27-noyabr, 2018-yil

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi idorasida o'tgan tadbirda o'nlab davlatlar tashqi ishlar vazirlari va boshqa rasmiylari qatnashib, Afg'onistonda barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar xususida gaplashdi.

Ikki yil oldin Afg'onistonning to'rt yillik taraqqiyot dasturi uchun xalqaro hamjamiyat yordamida 15 milliard dollardan ko'p pul jamlangan edi. Jeneva anjumanida Afg'onistondagi islohotlarga baho berildi. Hukumat rejadan og'masa, 2020-yilda donor mamlakatlardan yangi to'rt yillikka mablag' olish oson bo'ladi.

BMTning Afg'onistondagi missiyasi rahbari o'rinbosari Tobi Lanserning aytishicha, hukumat korrupsiyaga qarshi kurash, moliyaviy shaffoflik bo'yicha olgan majburiyatlarini qanday bajarayotgani nazorat etiladi.

“Korrupsiyaga berilgan amaldorlar hibsga olinib, sudga tortildimi, aybi isbotlangan bo'lsa, qamaldimi? Anjuman ishtirokchilari buni ham tekshiryapti. Bundan tashqari, tinchlikni o'rnatish, mojaroga barham berish haqida ham gaplashyapmiz", - dedi u.

Prezident G'ani Tolibon harakati bilan shartsiz muzokara qilishga tayyor, biroq toliblar xorijiy kuchlar mamlakatni tark etmaguncha Kobul bilan gaplashmoqchi emas.

Jeneva anjumanida Tolibon bilan muzokara ehtimoli muhokama etilgani yo'q.

“Bu, asosan, taraqqiyotga bag'ishlangan konferensiya. Biroq rasmiylar anjuman o'tayotgan binodan tashqarida ham uchrashishlari, tinchlik, barqarorlik, savdo mavzularida gaplashishlari mumkin", - dedi Lanser.

Afg'oniston urush girdobiga tortilganiga 39 yil bo'ldi. Xalq tinchlikka tashna, deydi BMT elchisining o'rinbosari.

Lanserning aytishicha, joriy yilda Afg'onistonda qurg'oqchilik oqibatida hosil yaxshi bo'lmadi. Natijada 3,6 million odam ocharchilik yoqasida turibdi.

"Shu yili Erondan 675 ming afg'on vataniga qaytdi, biroq, shu bilan birga, yarim million odam qurg'oqchilik va zo'ravonlik sabab turar-joyini tark etishga majbur bo'ldi", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG