Breaking News

Tolibon va Afg'oniston hukumati Moskvada bir davrada o'tiradi


Tolibon a'zolari

Afg’oniston hukumati mamlakat nazoratini Tolibonga boy berishda davom etmoqda. Pentagonga ko'ra, Kobul ayni damda Afg’oniston hududining 56 foizini nazorat qilib turibdi.

Raqamlar Prezident Donald Tramp tomonidan 14 oy avval Afg’oniston bo’yicha joriy etilgan strategiyaning natija bermayotganini ko’rsatadi.

Tolibon mamlakat hududining 12 foizini nazorat qilsa, Afg’onistonning qolgan 32 foiz yeri na hukumat, na Tolibon ta’sir doirasida bo’lgan neytral hudud bo’lib qolmoqda.

Demografik nuqtai nazardan tahlil qilinganda, vaziyatni ijobiyroq baholash ham mumkin. Afg’oniston aholisining 65 foizi Kobul nazoratidagi viloyatlarda istiqomat qiladi.

AQSh va Tolibon rasmiylari o’rtasida 17 yillik urushga yakun yasashga doir dastlabki muzokaralar bo’lib o’tgan edi. Biroq amalda hech qanday natija ko’rilmayapti, hujumlar to’xtagani yo’q.

AQSh va Tolibon o’rtasida ikki marta muzokarlar olib borilgan edi. Jumladan, AQShning Afg’onistonda murosa va tinchlikka erishish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod 12-oktabr sanasida Qatarda Tolibonning siyosiy qarorgohida vaziyatni tahlil qilgan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotlarga ko’ra, joriy yilning 9-noyabr kuniga belgilangan muzokaralarda Afg’oniston hukumatining Tinchlik bo’yicha Oliy Kengashi va Tolibonning Qatardagi siyosiy idorasi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu Tolibon rasmiylarining nufuzli xalqaro tadbirlardagi ilk ishtiroki sifatida qayd etilishi mumkin.

Tadbirga AQSh, Hindiston, Eron, Xitoy, Pokiston hamda Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vaziri o’rinbosarlari taklif etilgan.

Rossiya joriy yilning avgust oyida 12 davlat va Tolibon vakillarini tinchlik muzokaralariga teklif etgan edi. Biroq Afg’oniston hukumati Moskvaning avval Kobul bilan maslahatlashib, keyin Tolibonni taklif etmagani, Tolibonning Kobul bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqotga kirishmagani uchun anjumanda ishtirok etishni rad etgan va uchrashuv kechiktirilgan edi.

2017-yilning aprel oyida ham Rossiya Afg’oniston bo’yicha xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilgan. Tadbirga AQSh taklif etilgan, biroq ishtirok etmagan edi.

Ayni damda, AQSh ham Tolibon va Afgoniston hukumati o’rtasida tinchlik muzokaralarini boshlashga doir urinishlarini yangi bosqichga ko’targan.

Moskvada o’tishi mo’ljallangan konferensiyada Afg’onistonning Tinchlik bo’ycha Oliy Kengashi nomidan Hoji Din Muhammad ishtirok etishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG