General Do’stum va o’zbek ziyolisi o’rtasida janjal davom etmoqda


Ahmad Ishchi tutqunlikda azobga solinganini da'vo qilmoqda

Afg’onistonning Juzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi vitse-prezident va uning askarlari tomonidan qiynoqqa solingani, unga jinsiy tajovuz qilinganini iddao qilmoqda.

Ahmad Ishchiga ko’ra, Vitse-prezident general Abdulrashid Do’stum 25-oktabr kuni Shibirg’ondagi uloq musobaqasidan so’ng uni o’zining uyiga olib ketgan.

O’zbek ziyolisi besh kun davomida generalning uyida qamalganini aytadi. Undan keyin milliy xavfsizlik idorasiga topshirilgan. 12-dekabr kuni ozod etilgan va darhol Kobulga qaytgan.

U matbuot bilan bo’lgan suhbatda hukumat va xalqaro tashkilotlardan o’z sha’ni va obro’yini tiklashda yordam so’ragan.

“Milliy Junbish” partiyasi esa 14-dekabr kuni o’tkazgan matbuot anjumanida yuqoridagi da’volarni inkor etib, siyosiy fitna deya atadi.

“Milliy Junbish” partiyasi Ahmad Ishchi olg’a surgan iddaolarni rad etadi. Bu harakatni esa general Do’stumningxorijiy va mahalliy raqiblar bilan o’ylab topilgan, to’qilgan fitna o’laroq biladi. Agar iddaoni isbotlovchi hujjat bo’lsa, adliya tarmog’iga topshirishini so’raydi”, - deydi partiya so’zlovchisi Bashir Ahmad Tayanch.

“Milliy Junbish” partiyasi rasmiylari, shuningdek, Faryob viloyatining Qo’rmoch tumanida general Do’stumni o’ldirishga qaratilgan reja tekshirilmaganini tanqid qilmoqda.

Afg’oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G’ani “Milliy Junbish” partiyasi rahbariyati bilan ushrashib, mavzuni muhokama qilgan.

Rasmiy bayonotga ko’ra, prezident “bu borada qaror qabul qilish maqomiga ega emas, ishni adliya organlari tekshirishi lozim”.

“Milliy Junbish” vakili Bashir Ahmad Tayanchga ko’ra esa, prezident mavzuni oqsoqollar yig’ini orqali hal qilishni tayinlagan.

Matbuotda tarqalgan xabarlarga ko’ra, Ahmad Ishchi Bagramdagi AQSh shifoxonasiga olib borilgan. Uning o’g’li Bobur Ishchi mazkur xabarni tasdiqlagan.

Yevropa Ittifoqi va yana bir necha davlatlar Ahmad Ishchi olg’a surgan iddaolarni tekshirishga chaqirmoqda.

Afg’oniston inson huquqlari tashkiloti ham bunday voqealar yuz berayotganidan xavotir bildirdi.

Vakillar majlisida mavzu ustidan suhbat o’tgan. Deputatlar ikki tomon iddaolari yuridik idoralar orqali o’rganilishini ta’kidlagan.

Ahmad Ishchi Juzjonning Xo’jadukka tumanida yashaydi. General Do’stum bilan bir ko’chada ulg’aygan. Ular o’rtasidagi adovat uzoq yillik tarixga ega ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG