Breaking News

Ashraf G'ani va Abdulla Abdulla Vashingtonda


Afg'oniston rahbarlari AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan mulqot paytida
Afg'oniston rahbarlari AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan mulqot paytida

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani va Milliy yarash oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla bugun Vashingtonda qator rasmiylar bilan uchrashmoqda. Xususan, Kongress rahbariyati, mudofaa vaziri va Prezident Bayden bilan muloqot qilishyapti. Afg’on delegatsiyasi oqshomda vataniga qaytib ketadi.

Xalqaro hayot – 25-iyun, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:49 0:00

Tomonlar AQSh qo’shinlari Afg’onistondan butkul chiqarilganidan keyingi hamkorlik, ko’mak xususida gaplashmoqda. Ayniqsa so’nggi haftalarda Tolibon hujumlarining kuchayishi fonida.

Toliblar shimoldagi Qunduz viloyatida bir necha tumanni qo’lga olgan. Milliy armiya jiddiy talofat ko’rgan, 100 dan ziyodining qo’shni Tojikistonga qochgani ma’lum, yana ba’zilari asirga tushgan, toliblar tarafiga o’tgan.

Afg’oniston sobiq prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, AQSh bu mamlakatga ekstremizmga qarshi kurashish va barqarorlikni o’rnatish uchun keldi, ammo 20 yil o’tib ham hech bir vazifaning uddasidan chiqa olmadi.

Amerika yordamida hokimiyatga kelgan va mamlakatni 13 yil boshqargan sobiq rahbar AQSh qo’shinlarining mamlakatdan chiqarilishi tarafdori. Uning aytishicha, afg’onlarning o’zi kelajagi uchun mas’ul bo’lishni istaydi.

"AQSh va NATOning Afg’onistondagi kampaniyasi ekstremizm yoki terrorizmga qarshi qaratilmagan edi. Kampaniya afg’on qishloqlari va uylarini nishonga oldi, afg’onlarni qamoqqa tashladi, qishloqlarimizni bombardimon qildi”, - deydi Karzay.

AQSh nazarida, Afg’onistonda al-Qoida parchalandi, bin Laden yo’q qilindi, demak, vazifa bajarildi, askarlarni u yerda ushlab turishga endi hojat yo’q.

Qo’shma Shtatlar 2020-yil fevralida Tolibon bilan tinchlik bitimini imzolaganiga qaramay, toliblar majburiyatlarini bajaradiganga o’xshamaydi.

AQSh razvedkasi xulosasiga ko’ra, Amerika qo’shinlari butunlay chiqarilganidan so’ng Afg’oniston hukumati 6 oyda qulashi mumkin. Bu haqda BMT bosh kotibining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili ham so’zlagan.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning xavotir bildirishicha, al-Qoida kabi xalqaro jangari guruhlar ikki yilda oyoqqa turib, AQSh va ittifoqchilariga yana tahdid solishi mumkin.

General Mark Milliga ko’ra esa, agar afg’on hukumati yoki armiyasi qisqa muddatda parchalansa, bu tahdid yanada kuchayadi.

BMTning yanvar oyidagi hisobotiga ko’ra, Afg’onistonda al-Qoidaning 500 ga yaqin jangarisi harakatlanmoqda va Tolibon ular bilan yaqin aloqada. Toliblar al-Qoida Afg’onistonda qolganini inkor etadi.

Tolibonning so’nggi kunlarda shimoldagi g’alabalari bu mintaqada yashovchi xalqlarni qo’lga qurol olib, jangarilarga qarshi kurashga safarbarlikka majburlamoqda. Tolibon hukmron bo’lgan yillarda ham aynan shimol aholisi ularga qattiq qarshilik ko’rsatgan.

Kuzatuvchilarga ko’ra, ko’ngillilarni qurollantirish markaziy hukumat ta’siri va vakolatlarini zaiflashtirishi mumkin, chunki ko’ngilli otryadlar mahalliy qo’mondonlariga bo’ysunadi. Bu esa Tolibonga qarshi umumiy va markazlashgan qarshilikka pand beradi, deydi tahlilchilar.

Xususan Qunduzda viloyat kengashining a’zosi G’ulom Rabboniy o’nlab odamni qurollantirgan.

"Yillar davomida xavfsizlik kuchlarimiz bizni himoya qilish uchun jonini fido qildi, endi xorijiy askarlar chiqishi ketidan biz ularga yordam berishimiz kerak”, - deydi u.

Tinch aholi vaziyatdan xavotirda.

"Hukumatdan bizga oziq-ovqat yoki suv berishni so’ramaymiz. Tinchlik kerak bizga”, - deydi viloyatning Imom Sohib tumanidan qochgan bir ayol.

Afg’onistonda vaziyatning keskinlashishi vataniga qaytishga umid qilayotgan Pokistondagi afg’on qochqinlari ruhini tushirib yubordi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, AQSh qo’shinlari mamlakatni tark etishi ketidan qochqinlar soni aksincha ko’payishi mumkin.

Ayni paytda qo’shni davlatda 1,4 million afg’on yashaydi.

"Oilamizda bir odam ishli, xolos. Ammo u topgan pul ijara, elektr quvvati, gaz haqqini to’lashga ketyapti. Suvni har kuni sotib olamiz”, - deydi 31 yashar Olima Xon.

Vataniga qaytishga taraddud ko’rgan oila hozircha bu fikridan qaytdi.

"Bir necha odam Afg’onistondan kelib, urush hali ham bo’layotganini, ahvol chatoq ekanini aytishdi”, - deydi Olimaning akasi Sayfullo.

BMT hisobiga ko’ra, 2002-yildan beri 156 ming afg’on qochqini Pokistondan vataniga qaytib borgan. Ammo endi, deydi tahlichi Ziyo Rahmon, afg’onlar yana qocha boshlaydi.

"Jangarilar tobora ko’p hududlarni qo’lga olayotganini eshityapmiz. Pokistonda afg’on qochqinlari yanada ko’payadigan ko’rinadi”, - deydi u.

Toliblarga qarshilik ko’rsatish uchun poytaxt Kobul atrofida ham ko’ngilli otryadlar tuzilmoqda. Prezident Ashraf G’ani korrupsiyada ayblanib lavozimidan olingan Mudofaa vaziri Bismillo Xonni vazirlikka qaytarishga majbur bo’ldi.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidning “Assoshieytid Press” axborot agentligiga aytishicha, amirlik 1-maydan beri 104 tumanni ishg’ol qildi. Shunday qilib Afg’onistondagi 471 tumandan 165 tasi jangarilar nazoratida.

G’arbdagi Hirot viloyati rasmiylari shu hafta 130 tolib taslim bo’lganini ma’lum qildi.

AQSh va NATO Afg’oniston armiyasi va mudofaa kucharini qo’llab-quvvatlash maqsadida 2024-yilgacha yiliga 4 milliard dollar ajratishga rozi bo’ldi. Biroq afg’onlarning aytishicha, korrupsiya kuchli ildiz otgan bu jamiyatda pulning qanchasi aynan mudofaaga sarflanishi noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG