Breaking News

Kobuldagi orkestr ko'pchilik e'tiborida


Afg’onistondagi davomiy mojarolar ayniqsa tinch aholining sillasini quritgan. Ijtimoiy qiyinchiliklar, zo’ravonliklarga qaramasdan to’rt yil oldin poytaxt Kobulda yangi orkestr tashkil etildi. Ijrochilar – yoshlar, asosan, qizlar. Ularning maqsadi Afg’onistondek mutaassib musulmon jamiyatda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, urushdan jabr ko’rgan yurt dardiga musiqa orqali malham berish.

Afg’oniston Davlat musiqa instituti (ANIM) qoshidagi “Zuhra” orkestriga 2014-yilda asos solingan. Bu poytaxtdagi yagona musiqiy dargoh.

Kobulda suiqasd xurujlari tez-tez bo’lib turishiga qaramay, talabalar va pedagoglar o’qishni kanda qilgani yo’q - mashg’ulotlar davom etmoqda, o’quvchilar yangi ohanglarni o’rganmoqda.

“Qattiq turishimiz, afg’on qizlariga imkoniyatlar eshigini ochib berishimiz kerak. Hamma uyida o’tiraversa, hech kim ularning haq-huquqi uchun kurashmaydi”, - deydi Negin Xpolvak.

Negin Xpolvak bir necha o’n yillar davomida osoyishta hayot nimaligini bilmagan mamlakatning ilk ayol dirijyori.

“Orkestr bugungi va ertangi Afg’oniston ramzidir. Guruhimizda zaminimizda yashovchi turli elat vakillarini, yigit-qizlarni uchratasiz. Ular bizning umidimiz”, - deydi orkestr direktori Ahmad Nosir Sarmast.

“Zuhra” orkestriga aynan shu odam asos solgan. Ayni damda institutni ham boshqaradi. Qiyinchiliklarga qaramasdan talabalar soni ortmoqda, ota-onalar farzandlarining musiqa sirlarini o’rganishiga qarshi emas.

“Ishonchim komilki, san’atsiz va madaniyatsiz xavfsizlikka erishib bo’lmaydi. San’atni yumshoq qurol qilib, yurtimiz osoyishtaligi yo’lida hissa qo’shmoqchimiz”, - deydi Ahmad Nosir Sarmast.

“Bu jamiyatda ijodkor bo’lish oson emas. Musiqa asbobini ko’tarib yurganlarni ko’chada haqoratlashadi. Sahnada ijro paytida ham shu ahvol. Lekin bu gaplarga e’tibor bermaymiz, ijod qilaveramiz”, - deydi Negin Xpolvak.

“Zuhra” orkestri ko’plab mamlakatlarda gastrollarda bo’ldi. Bu oy ijrochilar ilk bor qo’shni Pokistonga bordi. Bu mamlakatda millionlab afg’on qochqinlari yashaydi. Orkestrning ayrim a’zolari qochqinlar lagerlarida tug’ilib o’sgan.

“Musiqaning shifobaxsh kuchiga ishonamiz. San’at nafaqat afg’onlar, balki pokistonliklar dardiga ham malham bo’lishini istaymiz. Biz tinchlik, birodarlik va ozodlik jarchilarimiz”, - deydi Ahmad Nosir Sarmast.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG