Afg’onistonda kelasi yilning 7-iyuliga belgilangan parlament saylovlariga tayyorgarlik allaqachon boshlangan. Prezident saroyida o’tgan anjumanda saylov shaffofligini ta’minlash, ovoz berishni osonlashtirish uchun yangi texnologiyalardan foydalanish muhokama etilgan. Tegishli idoralar saylov o’z vaqtida o’tkazilishi uchun zarur choralarni ko’rishlari lozim, deyiladi anjuman bayonotida. Lekin mamlakatda saylov komissiyalariga nisbatan ishonch past. Hukumat oldidagi muammo, to’siqlar talaygina.

2014-yilda o’tkazilgan prezident saylovining inqirozga yuz tutgani, keng ko’lamli soxtakorlik sabab g’olib tezlikda aniqlanmagani, natijada AQSh vositachiligida koalitsion hukumat tashkil qilingani kabi omillar saylov komissiyalarining o’z ishonchini boy berishiga sabab bo’lgan.

“Hukumat saylov komissiyalarini isloh qilish borasida bergan va’dalarini amalda tatbiq qilishi kerak. Birinchi bo’lib, ovoz beruvchilar soni aniqlanishi lozim. Ikkinchidan, eskirgan ovoz berish hujjatlarini yig’ib, yangi elektron hujjatlar berilishi kerak, chunki yangi hujjat saylov tiniqligini ta’minlashda yordam beradi. Uchinchidan, ovoz natijalari tez vaqtda e’lon qilinsin. Afg’onistonda saylov natijalarini e’lon qilish oylab davom etadi. Saylov jarayonining cho’zilishi soxtakorlik yuz berishiga yo’l qo’yadi. To’rtinchidan, ovoz berish jarayoni elektronik qilinishi zarur”, - deydi Juzjon universitetidan Najibulla Ismatiy.

Afg’onistonning ko’p qismida savodsizlik darajasi yuqori. Suhbatdosh nazarida yangi texnologiyadan foydalanish usullari keng targ’ib qilinishi ham asosiy talab.

“Hukumatning umridan ikki yarim yil o’tdi. Hanuz saylov komissiyalarini isloh qilish xususida jiddiy qadamlar tashlanmagan. Lekin jamoatchi va siyosiy faollar va partiyalarning hukumatga siquvi natijasida ba’zi bir o’zgarishlar bo’ldi. Agar shunday faoliyatlar davom etsa, saylov jarayoniga ishonsa bo’ladi. Lekin bu harakatlar ham faqat xalqni aldash, ommaning zehnini chalg’itish uchun bo’lsa, saylovga ishonib bo’lmaydi”, - deydi Ismatiy.

Xalqaro hamjamiyat, yordamchi davlatlar ham saylov shaffofligini ta’minlashga mas’ul, deydi suhbatdosh.

“Modomiki saylovning xarajati va imkoniyatlarini xorijiylar ta’minlar ekan, ular agar sadoqatli bo’lsa, saylovning tuzuk va tiniq bo’lib o’tishida ham roli ahamiyatli hisoblanadi. Ular ovoz berish jarayoni, ovozlarni sanash va natijaning e’lon qilinishini nazorat qilsa hammasi joyida bo’ladi”, - deydi Juzjon universitetidan Najibulla Ismatiy.

Xalqning saylovda ishtirok etmasligining asosiy sabablaridan biri xavfsizlikdir. Olis hududlarda odamlar o’z hayotidan xavfsirab ovoz bermasligi ham tabiiy.

“Agar ovoz bersak, hukumatdan norozilar (qurolli muxoliflar) bizga aziyat qilishadi”, - deydi Nek Muhammad ismli yigit.

Ovoz berib foyda ko’rmayapmiz, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolar.

“Vakillar ovoz olganidan keyin borib parlamentda uxlamasinlar. Ommaga foydasi tegadigan loyihalarni olib kelsinlar”, - deydi Sayid Hafizulla.

Ayrimlar demokratiyani himoya qilish uchun ovoz berish zarur degan fikrda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG