Breaking News

General Abdul Rashid Do'stum ishi sudga oshirildi


واخان د طبیعي او زړه راښکونکې ښکلا په درلودلو سره د افغانستان دوهم ملي پارک دی
واخان د طبیعي او زړه راښکونکې ښکلا په درلودلو سره د افغانستان دوهم ملي پارک دی

Afg'oniston rasmiylarining tasdiqlashicha, mamlakat Vitse-prezidenti Abdul Rashid Do'stumning jinsiy zo'ravonlikka qo'l urgani haqidagi da'vo ishi sudga oshirilgan.

Kobuldagi prokuratura so'zlovchisining aytishicha, ish sudga oshirilishidan oldin "to'liq va xolis" tergov o'tkazilgan.

Bu haqdagi yangilik AQSh tomonidan Do'stumga qo'yilgan ayblovlar "o'ta jiddiy" ekani haqidagi bayonot chiqishi ortidan e'lon qilindi. Vashington, shuningdek, tergovni xolis va qonun doirasida o'tkazishga chaqirdi.

63 yoshli Abdul Rashid Do'stum mamlakatdagi etnik o'zbeklar yetakchisi bo'lib, AQSh Afg'onistonni ishg'ol qilishidan oldin Tolibonga qarshi olib borgan kurashi bilan tanilgan. Oxirgi prezidentlik saylovlarida nomzod Ashraf G'ani bilan g'olib chiqib, vitse-prezidentlikni qo'lga kiritgan edi. So'nggi oylarda u muxolif raqibi Ahmad Ishchini qiynab, jinsiy tahqirlagani yuzasidan tergov ostiga olingan.

Do'stum may oyi oxirida davolanish niyati bilan Turkiyaga kelgan va hanuz shu yerda. Uning mamlakatni tark etishi ortidan Prezident G'ani va Do'stum o'rtasida kelishuv yuz bergani haqida gap-so'zlar chiqdi.

AQShning Afg'onistondagi elchisi vazifasini bajaruvchi Hugo Lorensning aytishicha, Do'stumga qarshi ayblovlar mamlakat sud-huquq tizimi mutasaddilari tomonidan sinchiklab o'rganilishi kerak.

"Afg'onlar inson huquqlari hurmat qilinishini, qonun ustuvorligi ta'minlanishini hamda qaysi mansabda bo'lishidan qat'i nazar, xalq ishonchini poymol qilganlar javobgarlikka tortilishini talab qilishga haqli", - dedi AQSh rasmiysi.

Sobiq gubernator, Do'stumning siyosiy muxolifi Ahmad Ishchi o'tgan yili mamlakat televideniyesida qilgan chiqishida Do'stum odamlari uni qo'lga olib qiynoqqa tutganini hamda jinsiy tahqirlaganini da'vo qilgan edi.

Ahmad Ishchi adolat qaror topishini, Do'stum jazoga tortilishini xohlaydi.

Do'stum bu ayblovlarni rad etadi. U, dastlab, tergovda qatnashishdan bosh tortdi, ammo jamoatchilik bosimi kuchayishi natijasida Prezident G'ani unga qarshi rasman tekshiruv boshlash majburiyati ostida qoldi.

"Junbishi Milliy" partiyasi so'z'lovchisi, Do'stumning yaqin hamkori Bashir Ahmad Tayanch ayblovlar ortida siyosiy maqsadlar turganini aytadi.

AQSh diplomati esa mamlakat vitse-prezidentiga ham boshqa afg'on fuqarolariga bo'lgani kabi odil sudlov va aybsizlik prezumpsiyasi qo'llanilishi lozim, degan fikrda.

"Bu ishni siyosiylashtirish yoki undan etnik to'qnashuv keltirib chiqarish uchun foydalanish Afg'onistondagi qonun ustuvorligi, tinchlik va barqarorlik uchun zararli. Afg'on rasmiylari adolat yo'lidan borib, siyosiy bosimlarga berilmaydi, deb ishonaman", - dedi Afg'onistonda elchi vazifasini bajaruvchi Lorens.

AQSh diplomati siyosiy bosim deganda, yaqinda tuzilgan muxolifat alyansini nazarda tutmoqda. O'tgan oy oxirida uch ozchilik etnik guruhga tegishli "Jamiyati Islomiy", "Hizbi Vahdati Islomiy" va Do'stumning "Junbishi Milliy" partiyalari Turkiyaning Anqara shahrida uchrashib, yangi siyosiy ittifoq tuzgan edi.

Alyans Prezident G'anidan bir qator sohalarda islohotlar o'tkazishni talab qilmoqda.

Ayrim tanqidchilar fikricha, Do'stum yangi siyosiy guruh orqali G'ani hukumatiga bosim o'tkazishga va tergov natijasiga ta'sir qilishga urinmoqda.

Siyosiy ittifoqqa qo'shilgan qolgan ikki partiya rahbarlari ham hukumatda yuqori lavozimlarda ishlaydi.

AQSh elchisi so'zlashidan bir necha soat oldin Prezident G'ani Do'stumga aloqador sud ishida hukumat betaraf turishini ma'lum qildi.

G'anining aytishicha, Do'stum mamlakatni tark etishidan oldin bosh prokurordan ruxsat olgan. Agar biror kishi kasal bo'lsa, jinoyatda ayblanayotgan bo'lsa ham, uning xorijda davolanishiga qonuniy to'siq yo'q, deya qo'shimcha qildi u.

Do'stumning jiddiy xasta ekani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG