Breaking News

Afg’onistonga, urush maydoniga yuk olib o’tadigan yo'llar


Uzoq muzokaralar ketidan, Pokiston Afg’onistonga olib boruvchi ta’minot yo’llarini qayta ochdi. AQSh va NATO ular orqali o’z qo’shinlariga harbiy va noharbiy yuk yetkazadi.



Afg’onistonga Pokiston orqali kiradigan yo’llar, ya’ni janubiy yo’nalish, eng qulay va arzon hisoblanadi. RAND tahlil markazida mintaqa bo’yicha ekspert Set Jouns so’zlariga ko’ra, bir necha muhim yo’llar haqida gap ketmoqda.

“Karachi porti orqali yonilg’i va boshqa materiallarni yetkazadigani ular orasida eng muhimidir. Kvetta shahri va Chaman postini kesib o’tadigan marshrutlar bor. Shuningdek, Balujiston viloyati orqali Qandahorga chiqadiganlari. Ta’minot yo’llaridan yana biri Xaybar dovoni orqali Kobulga boradi”.

Ammo ular orqali harakatlanish o’ta xavfli, deya eslatadi AQSh Armiya oliygohi professori Stiven Blank.

“Asosan tog’u toshdan iborat yo’laklar. Ko’p joylarda qatnov faqat bir tomonlama. Hujumga uchrash oson”, - deydi ekspert.

“Masalan, qabilalar yashovchi Xaybar dovonini bir necha jangari guruhlar nazorat qiladi, xususan, Lashkar-i Islom. AQSh yollagan yuk kompaniyalari, haydovchilar bu hududdan eson-omon o’tib olaman desa, pul to’lashdan boshqa yo’l yo’q. Yuk mashinalari Pokiston chegarasidan o’tayotganda ham, Afg’onistonga kirganida ham nishonga olinishi hech gap emas”, - deya qo’shadi Set Jouns.

Pokiston hukumati yaqinda NATOga tranzit yo’llarini ochib berdi. O’tgan yilning noyabr oyida AQShning yanglish havo hujumida 24 pokistonlik zobit halok bo’lgan. Bunga javoban, Islomobod chegarani 7 oyga yopib qo’ygan.

Pokiston prezident Barak Obamadan uzr so’rashni talab qildi. Nihoyat, shu oy boshida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Xina Rabbani Harga telefon qilib, askarlar o’limi yuzasidan afsus bildirgan va xatolarni tan olgan.

Ammo ittifoqchi davlat yuklarni o’tkazmay qo’yganiga boshqa sabablar ham bor, deydi Stiven Blank.

“Gap shundaki, Pokiston jamiyatida Amerikaga qarshi kayfiyat kuchli. AQSh bu davlat bilan hisoblashmaydi, territoriyasidan foydalanish uchun ruxsat so’rashni ham lozim topmaydi, degan qarash mavjud. Vashingtondan esa tanqidlar yog’ilgani-yog’ilgan. Terrorchi guruhlar va Tolibon Pokistondan boshpana topgani haqida eshitaverib, hukumati ham, harbiylari ham jig’ibiyron bo’ladi. Afg’onistonga yo’llarni yopib, ular qaysidiy ma’noda Amerikadan alamini oldi”, - deydi ekspert.

Uning fikricha, tranzit borasidagi yangi kelishuv ikki davlat o’rtasida munosabatlar yana do’stona, iliq bo’lishini anglatmaydi.

Shunisi aniqki, AQSh Mudofaa vazirligi oyiga 100 million dollar tejaydi. Qo’shinlar uchun zarur jihozlarni shimoliy yo’nalish, ya’ni Rossiya va Markaziy Osiyo orqali olib o’tish uchun Pentagon aynan shuncha ortiqcha xarajat qilayotgan edi.

Subhatdoshlar deydiki, har ikki yo’nalish Qo’shma Shtatlar uchun muhim. 2014-yili Afg’onistonda harbiy kampaniya nihoyasiga yetar ekan, askar va jihozlarni olib chiqish yo’llari ko’p bo’lgani yaxshi, deb eslatadi rasmiylar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG