Breaking News

Tolibonning mintaqaviy harbiy-siyosiy mavqei oshmoqda


So’nggi oylarda Tolibon bilan sulh muzokaralari oʻtkazish xalqaro miqyosda koʻtarilgan masalaga aylandi. Qator davlatlar bu harakatga mezbonlik qilish takliflarini ilgari surmoqda. Lekin Afgʻonistonda hali-beri sulh boʻlishi mumkin degan taxmin mavjud emas. Tolibonda ham, hukumatda ham mustaqil irodaning oʻzi yoʻq, deydi sharhlovchilar.

Tolibon va afg'on hukumati sulh tuzishda tayyormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:22 0:00

Tolibonning Qatar poytaxti Doxa shahrida rasmiy siyosiy idorasi bor. Unga Sher Abbos Sitonikzoy rahbarlik qiladi. Sitonikzoy shu oy Oʻzbekiston va Indoneziyaga rasmiy tashrif bilan borgan.

4-sentabr kuni Rossiyada Afgʻoniston tinchligiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazilar ekan, unda AQSh va Afgʻoniston rasmiylari ishtirok etmasligini maʼlum qildi. Bunga Vashington-Moskva ziddiyatlari sababchi degan qarash kuchli.

Kobuldan siyosiy tahlilchi Asadullah Nadim nazarida, Tolibon inkor etib boʻlmaydigan siyosiy-harbiy kuchga aylangan. Dunyo davlatlari harakat borligini tan olmasdan boshqa iloji yoʻq.

“Tolibon harakati kun sayin oʻzining nazoratidagi hududlarni kengaytirib bormoqda”, - deydi tahlilchi. Afgʻonistoning qariyb 50 foizini nazorat qilayotgani aytilayotgan Tolibon bugungi kunda oʻzining diplomatik rolini ham oshirishga harakat qilmoqda.

Guruh vakillari bir necha marta AQSh diplomatlari, Oʻzbekiston va Indoneziyaning yuqori lavozimli vakillari bilan uchrashgan. 4-sentabrda Moskvada oʻtkazilishi kutilayotgan anjumanda ham qatnashadi.

“Rossiya 10-12 davlatni taklif qilgan. Tinchlik boʻyicha ishlayotgan xalqaro tashkilotlar ham chaqirilgan. Afgʻoniston ham daʼvat qilingan. Pokiston, Eron, Oʻzbekiston, Tojikiston, Xitoy, Turkiya anjumanga chaqirilgan. Hammadan muhimi, bu yigʻilishda Tolibon rasmiylari ham qatnashadi. Tolibon Rossiya va Afgʻonistoning qoʻshni davlatlari bilan yaqindan uchrashadi. Kelishuvlar ham boʻlishi mumkin. Bu konferensiyadan Tolibon koʻp hollarda foyda topadi, davlatlar rasmiylari bilan tanishadi, aloqalarni mustahkamlaydi. Ammo bu anjumanga afgʻon hukumati AQSh bosimi bilan qatnashmaydi. Rossiya Afgʻoniston tinchligi uchun peshqadamlik qilmoqchi, bunga Amerika ruxsat bermaydi”, - deydi Asadullah Nadim.

Suhbatdosh nazarida Afgʻoniston masalasiga kirishib ketgan davlatlar avvalo oʻzaro kelishib olishi kerak. Konferensiyalar oʻtkazish, yigʻilish va anjumanlar natija bermaydi.

Uning taʼkidlashicha, Afgʻoniston sulhi kaliti Amerika qoʻlida. Hozirgi olib borilayotgan harakatlar namoyishdan boshqa narsa emas. Afgʻonlar sulh uchun olib borilayotgan xalqaro tashabbuslarga ishonmaydi. Faryobdan jamoatchi faol Zalmay Aziziy nazarida, Tolibon nufuzli davlatlar yasagan harakatdir.

“Gʻarbning Afgʻoniston boʻyicha siyosati aniq emas, yashirin gap-soʻzlar koʻp. Sulh uchun tashlanayotgan qadamlar hammasi namoyish, odamlarni aldash, xalq miyasini chalgʻitish uchun boʻlgan boʻlishi mumkin”, - deydi Aziziy.
Uning fikricha nufuzli davlatlar toliblarni himoya qilmoqda, har birining alohida toliblari mavjud.

“Sharqdan ham, Gʻarbdan ham shuni istaymizki, oʻzlari vujudga keltirgan toliblarini yigʻib olsa, oʻshanda tinchlik taʼminlanadi. Tikucharlar borib Tolibonga qurol-aslaha, oziq-ovqat tashladi, hammasiga guvohmiz”, - deydi faryoblik Zalmay Aziziy.

Oddiy xalq isyonchi guruhlardan haqiqiy tinch hayotga qaytishni soʻraydi.

“Tolibon loyihasi yakun topmoqda. Lekin ular muzokara qilsa ham “Hizbi Islomiy” kabi ularning kelishi ham tinchlik taʼminlanishiga yordam bermaydi”, - deydi Hidoyatullah Tatar ismli fuqaro.

Tolibon doimiy ravishda xorijiy askarlarning Afgʻonistonni tark etishini talab qilib kelmoqda.

Bu orada O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi hay’at Kabulda Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani bilan uchrashgan. Prezident G’ani mamlakatidagi tinchlik jarayoni uchun ko’rsatayotgan yordami uchun O’zbekiston davlatiga minnatdorchilik bildirgan.

O‘zbekiston hukumati qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik ta’minlanishiga urg‘u bermoqda. Kobul va toliblar o’rtasida shartsiz muloqot boshlash Toshkentda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G’ani ishtirokida o’tgan yuqori darajali xalqaro konferensiyada muhokama qilingan. Bu anjumanda Toshkent deklaratsiyasi imzolangan edi.

Bu deklaratsiyaga ko’ra, afg’on hukumati va toliblar muloqoti biror shartlarsiz boshlanishi kerak.

XS
SM
MD
LG