Breaking News

Afg'onistonlik ziyoli: Yoshlarimiz O'zbekistonda o'qishi kerak


Afg'on ta'lim dargohlarida, Hirot viloyati
Afg'on ta'lim dargohlarida, Hirot viloyati

Afg'onistonda o'zbek tilining nufuzi so'nggi 15 yil ichida qayta kuchaygani aytilmoqda. Ilgari mamlakatning ayrim hududlarida hatto bu tilda yozish va o'qish man etilgan edi, deydi afg’onistonlik o’zbek ziyolilari.

Afg'oniston shimolidagi ziyolilar tahlili
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:29:09 0:00

Tilshunos Nurulloh Oltoy Juzjon universitetining ijtimoiy fanlar fakulteti o'zbek tili va adabiyoti bo'limida dars beradi. Uning aytishicha, har bir tilga uni o'rab turgan muhit, sharoit va tillar ta'siri juda ko'chli bo'ladi. Shuning uchun ham o'zbek tili Afg'onistonda fors tili, O'zbekistonda esa rus tili ta'sirida yashagan, deydi u.

Bu ikki hududda xalq tili grammatik nuqtai-nazardan emas, balki so'zlarda bir-biri bilan farq qiladi. O'zbekistonda o'zbek tiliga ruscha so'zlar, Afg'onistonda esa ko’proq forscha va arabcha so'zlar kirib kelgan.

"Bodg'isdan Badaxshongacha o'zbek xalqi ko'pchilikni tashkil etadi. Bu yerda o'zbek tili unutilib ketgan til ham emas. Uylarda, ko'cha-bozorlarda o'zbek tilini eshitasiz. O'zbek tili inqiroz yoqasida turmagan. Lekin tilimiz o'z o'rnini topib, adabiy til darajasiga ham ko'tarilmagan. Tilning taraqqiyoti uchun yagona manba maktablar hisoblanadi. Afg'onistonda bizning tilimiz bitta predmet, mazmun sifatida o'qitiladi. U maorif tili darajasiga ko'tarilmagan. Yana tilning rivoji, o'sishi va adabiy til o'z o'rnini topishi uchun matbuotning ham roli katta", - deydi Nurulloh Oltoy.

Afg'oniston va O'zbekistondagi o'zbek tilini ajratib turgan asosiy narsa lotin va kirill harflari ekani ham urg'ulanadi. Chunki Afg'oniston o'zbeklari kirill va lotin harflarini tushunmaganlari bois O'zbekistonda yozilgan minglab asarlardan foydalana olmaydi.

"Alifbo masalasi biz uchun siyosiy masala. 10-15 kishi arab harfidan voz kechamiz, endi lotinga o'tamiz degani katta gap emas. Bu davlat miqyosidagi masala. Oliy majlisda qabul bo'lmasa, biz lotinga o'ta olmaymiz", - deydi tilshunos.

Juzjon universiteti o'zbek tili o'qituvchisi Nurulloh Oltoy
Juzjon universiteti o'zbek tili o'qituvchisi Nurulloh Oltoy

Mutaxassisning fikricha, Afg'onistonda o'zbekchani adabiy til darajasiga ko'tarish O'zbekiston yordamisiz mumkin emas. U Afg'oniston hukumatidan o'zbek yoshlariga O'zbekistonga borib o'qish va malaka oshirish imkoniyatini yaratib berishni so'raydi.

"Ming afsuski, O'zbekiston darvozasi bizning xalqimiz va yoshlarimiz uchun yopiq. Biz buni O'zbekiston tomoniga yuklashga haqli emasmiz. Afg'oniston hukumati tarafidan hecha qanday harakat bo'lmayapti. Afg'oniston davlati shunday bir talab bilan O'zbekiston hukumatiga murojaat etishi kerak. Agar biz har yili 15-20 talaba jo'natish imkoniyatiga ega bo'lsak, 10-15 yil ichida bizning tilimiz o'z o'rnini xalqimiz ichida topgan bo'ladi", - deydi o'zbek tilshunosi.

Nurulloh Oltoy nazarida so'nggi yillarda o'zbek yoshlarida o'zbekcha yozishga qiziqish kuchaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda bunga ko’p guvohmiz. Xatosi bo'lsa ham yoshlar o’z ona tilida fikr bayon etgisi keladi. Lekin buni bir yo'nalishga solish kerak, deydi tilshunos.

XS
SM
MD
LG