Breaking News

Toliblar faqat musht tilini tushunadi, deydi professor Turdiqul Maymanagiy


Burqa o'ranib, xuruj qilmoqchi bo'lganida qo'lga tushgan toliblar
Burqa o'ranib, xuruj qilmoqchi bo'lganida qo'lga tushgan toliblar

Afgh’onistonda toliblar bilan muzokaraga bosh bo’lib kelgan Burhoniddin Rabboniy, sobiq prezidentning o’ldimi bois vaziyat yanada tarang tortishi mumkin.

Tolibon ta’siri oshib, shimolda o’zbek yoshlari ularga ergashadi, degan xavotir bor. Tinchlik muzokaralari foyda bermaydi, degan kayfiyat kuchaymoqda.

Afg’onistonda tug’ilib o’sgan olim, hozirda Yevropada dars berayotgan Turdiqul Maymanagiy nazarida toliblar faqat qurol, musht tilini tushunadi. Ular bilan adi-badi aytishmay, shart urish kerak, deydi professor.

O’zbekiston hukumati chegaralarni qulflab, Afg’oniston shimolidagi o’zbeklar bilan aloqani nisbatan muzlatib turar ekan, e’tiborsiz qolgan yoshlar bir kun kelib qo’shni davlatga tolib niqobida kirib borishi mumkin, deydi professor Maymanagiy.

“O’zbekiston madaniy-ma’rifiy tomondan yordam bermaydi, Qozog’iston va Turkmaniston ham shu. Afg’onistonda yashovchi, turkiylardan bo’lmish 9 million fuqaro tarbiya ko’rmasa, ona tilini o’rganmasa, ilm ko’rmasa, ichiga toliblar, aqidaparastlar kirib boradi. Shunda bu davlatlarning ko’zi ochilishi mumkin, lekin kech bo’ladi ”, - deydi Maymanagiy.

Professor Daniyadagi unversitetlarning birida o’qituvchilik qiladi. Yaqinda Mozori-Sharifda bo’lib, o’zbeklar bilan uvhrashuvlar o’tkazdi.

Olimning aytishicha, Rabboniyning o’limi mamlakatda, xususan, shimolda xavotir bilan qarshi olingan. Odamlarda toliblar bilan muzokaradan naf yo’q degan fikr kuchaygan.

“Jangarilar har kuni va’dalarini buzub odam o’ldirishyapti. Karzay ma’muriyatining toliblarni muzokara yo’li bilan qurol tashlashga ko’ndiramiz deyishi, xomxayol. Karzay, afgon millatchilari hamisha pushtular hukmron bo’lishini tilaydilar. Shuning uchun ham Karzay qo’li qonga botgan toliblarni bandilikdan ozod qilib yuborayapti. Albatta, shu bois so’nggi paytda shimoldagi o’zbek, tojik, turkman, hazoralar Afg’onistonda federal boshqaruv lozimligini ta’kidlamoqda. Marhum Rabboniy ham shuning tarafdori edi”, - deydi professor.

Maymanagiy fikricha, Afg’onistonda amalga oshirilayotgan suiqasd xurujlari ortida nafaqat diniy, balki millliy omillar ham yotadi.

Turfa millatlardan tashkil topgan Afg’onistonda, asosan, pushtular hukmron ekani, markaziy hukumatda qabilachilik, millatchilik, korrupsiyaning kengayishi shimolda norozilik kayfiyati kuchayishiga olib kelmoqda.

“AQSh, NATO rostdan ham Afg’onistonda demokratik boshqaruvdan manfaatdor bo’lsa, nahotki, yigitlarning boshini kesib, tovoqlarga qo’yib, onalariga jo’natayotgan toliblar bilan sulhga borsa. Urushni urush bilan yakunlash kerak. Toliblar insoniy qadriyatlarni tan olmasligini aniq namoyish etmoqda. Bu narsalarni kuzatib, AQSh ham Afg’onistondagi beqarorlikdan manfaatdor degan xayolga borasan”, - deydi Maymanagiy.

Afg’oniston shimolida, asosan, o’zbek, tojik, hazora va boshqa turkiy xalqlar yashaydi. Ular Tolibonga qarshi shimoliy ittifoq safida urushgan edi. Keyinchalik, toliblar hukumatdan ag’darilgach, shimoliy ittifoqdagi birdamlik ham yakuniga yetdi.

Afg’onistonlik o’zbeklar amaldagi markaziy hukumat shimol xalqlari birlashishidan manfaatdor emas, deb hisoblaydi. Biroq, deydi ular, hozir buning mavridi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG