Breaking News

“Afg’onistonni qutqarish” koalitsiyasi hukumatga bosim o’tkazmoqda


Anqarada asos solingan alyans yetakchilari
Anqarada asos solingan alyans yetakchilari

Afg’onistonda “Milliy Junbish”, “Islomiy Jamiyat” va "Islomiy Vahdat” siyosiy partiyalari yaqinda Anqarada asos solingan alyansni himoya qilish uchun Mozori Sharif shahrida katta yig’ilish o’tkazdi.

Hukumatni keskin tanqid qilgan yangi ittifoq vakillari davlat maqomlarining qonuniy vakolatlari qaytarilishi, fasodga qarshi kurash, siyosiy fitnalarning oldi olinishi va tinchlik ta'minlanishiga urg’u berishdi.

“Afg’onistonni qutqarish” koalitsiyasi a’zolaridan biri va Balx viloyati hokimi General Ato Muhammad Nur prezident Ashraf G’anini xudxohlikda ayblar ekan, hukumatni isloh qilishdan boshqa chora yo’q ekanini ta’kidladi.

General Ato Muhammad Nur yig’in ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, “sizga nizom qoidaga asoslangan hukumat tuzish, milliy va siyosiy ishtirokni ta’minlash uchun va’da berganmiz, va’damizdan qaytmaymiz va hech narsadan qo’rqmaymiz ham” degan.

U Prezident G’anini barcha vakolatlarni o’z nazoratiga olganlikda ayblaydi.

"G’ani hukumatni to’rt-besh odam bilan birga boshqaryapti. Koalitsiya hukumatni to’g’rilashda qat’iy... Biz - prezident saroyidagilarga aytamiz, agar adolat ta’minlanmasa, olingan vakolatlar qaytarib berilmasa, g’ururdan tushmasangiz, bir-bir yarim yillik qolgan hokimiyatni davom ettira olmaysizlar”, - deydi General Nur.

Balx hokimi hukumat rahbariyatini Afg’oniston xalqlari o’rtasida ittifoqsizlik urug’ini sochayotganlikda ham ayblaydi.

U, ayni paytda, mamlakat xavfsizlik vaziyati yomonlashib ketayotganidan xavotir bildiradi.

“Xavfsizlikni ta’minlash uchun vazifalantirilgan kifoyatsiz odamlar chetlantirilsin, hozirgi vaziyatga chidash mumkin emas” deydi Balx hokimi.
Ato Muhammad Nur, shuningdek xorijiy davlatlardan moliyaviy yordamni behuda joylarga sarflamaslikka chaqiradi.

“Xorijiy do’stlarimizga aytamiz, o’n besh yildan beri mamlakamizda borligingizni himoya qildik, bundan keyin ham qo’llab-quvatlaymiz. Lekin yordam va mablag’ni behuda yo’llarga sarflamang. Asosiy maqsadingiz, ya'ni demokratiyani tiklash, xalqni himoya qilish, tinchlikni ta’minlash, iqtisodni rivojlantirish uchun harakat qiling. Siz to’layotgan mablag’ni o’z manfaatlarida foydalanmoqdalar”,- deydi general.

General Ato Muhammad Nur so’zlari davomoda, Vitse-prezident General Abdul Rashid Do’stumning vataniga, xususan, vazifasiga qaytishini so’radi.

General Do’stum necha oydirki Turkiyada. Vatanidan quvg’in qilingani aytilmoqda. “Milliy Junbish” Partiyasi esa bu iddaolarni rad etadi. Genral davolanish uchun ketgan deydi Junbish vakillari.

Balx hokimi, agar hukumat koalitsiya talablariga ijobiy javob bermasa, xalqqa murojaat qilib amaliy qadamlar tashlash borasida ogohlantiradi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG